«Geosiyosiy turbulentlik sharoitida muqobil xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish va O‘rta yo‘lakni rivojlantirish» mavzusidagi konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ehtimoliy yuk oqimi noproporsional taqsimlanganiga urg‘u berildi.

«Ayni paytda yuk tashishning asosiy qismi — 93 foizdan ortig‘i Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Turkmaniston ulushi — 3 foiz, O‘zbekiston — 2,3 foiz, Qirg‘iziston — 1,1 foiz va Tojikiston — 0,03 foiz», — dedi ekspert Umidulla Ibrohimov.

Anjumanda tashkilotchilar O‘rta yo‘lakni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy hisobotni taqdim etishdi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi transport yo‘nalishlari uchta yo‘nalishda shakllangan: Shimoliy, O‘rta va Janubiy. Bu koridorlar orqali yuk tashishning 80 foizga yaqini temiryo‘l transporti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon transport xizmatlari eksportidan oladigan umumiy daromaddagi ulushi 1 foizdan oshmaydi.

Xitoy va Rossiya bilan umumiy yuk tashish hajmida Qozog‘iston va O‘zbekiston yetakchi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ulushi nisbatan past. Eron bilan yuk almashinuvida esa Turkmaniston yetakchi — umumiy yuk hajmining 45,8 foizi shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy Osiyo hududida yetarlicha foydalanilmagan tranzit salohiyati mavjud. Ushbu imkoniyatlarni rivojlantirish Yevrosiyo mintaqalari o‘rtasidagi tovar aylanmasini keskin oshirishi mumkinligi qayd etildi.

Shimoliy transport yo‘lagi: mutaxassislar fikri

Markaziy Osiyo – Rossiya – Belarus – Yevropa yo‘nalishi bo‘ylab mavjud tashish quvvati bo‘yicha Markaziy Osiyodan Yevropaga yuk tashish hajmi 16 mln tonnaga yetadi, kelgusida esa bu ko‘rsatkichni yiliga 25 mln tonnagacha oshirish imkoni bor.

  • Koridordagi barcha mamlakatlar 1520 mm.lik yagona temiryo‘l tarmog‘i bilan bog‘langan bo‘lib, yuklar faqat temiryo‘l orqali tashiladi;
  • Barcha temiryo‘l tizimlari o‘zaro integratsiyalashgan. Transport huquqi, iqtisodiyoti va texnologiya bo‘yicha yagona yondashuv qo‘llanadi. Tashishlar Xalqaro temiryo‘l yuk tashuvi to‘g‘risidagi kelishuv bo‘yicha yagona hujjat asosida amalga oshiriladi;
  • Koridor Qozog‘iston orqali Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lanadi;
  • Shuningdek, koridor Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish imkoniga ega. Bu Shimoliy Yevropa, Rossiya va boshqa davlatlarni Hindiston yarimorolining 1,5 milliardlik bozori bilan bog‘lab, Markaziy Osiyoni mintaqalararo savdoga jalb qiladi.