Prezident Şavkat Mirziyoyev 21 may kuni Budapeşt şahrida bölib ötgan Turkiy davlatlar taşkilotining norasmiy sammitida iştirok etdi.
Vengriya boş vaziri Viktor Orban raisligida ötgan tadbirda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozoğiston prezidenti Qosim-Jömart Töqayev, Qirğizistion prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdöğan hamda Turkiy davlatlar taşkiloti boş kotibi Kubaniçbek Omuraliyev ham qatnaşdi.
Kun tartibiga muvofiq, taşkilot doirasidagi köp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almaşildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Şavkat Mirziyoyev sözining avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim özgarişi oqibatlari kuçayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat şiddat bilan özgarib borayotganini qayd etdi.
Prezident dolzarb xalqaro muammolarni hal etişda, birinçi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda taşkilot davlatlarining umumiy yondaşuv va pozitsiyalarini mustahkamlaş muhimligini ta’kidladi.

Turkiy davlatlar taşkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantiriş masalalariga töxtalar ekan, Özbekiston yetakçisi bu borada işga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini körsatib ötdi va qator yangi takliflar bildirdi.
Siyosiy jihatdan Özbekiston taşabbusi bilan Turkiy davlatlar örtasida strategik şeriklik, abadiy döstlik va qardoşlik töğrisidagi şartnomaning imzolanişi dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Uşbu hujjat xalqlarimizni yanada yaqinlaştiriş va köp qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlaşga xizmat qilişiga işonç bildirildi.
Prezident savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantiriş masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, taşkilot a’zolarining umumiy taşqi savdo aylanmasida özaro savdo uluşini oşiriş maqsadida «Turk-treyd» onlayn platformasini yaratiş va tovar ayirboşlaşni köpaytiriş böyiça amaliy dastur qabul qiliş taklif etildi.
Transkaspiy xalqaro yölagi orqali yuk taşiş hajmining ösişini ta’minlaş va bojxona-çegara tartib-taomillarini soddalaştiriş maqsadida davlat rahbari uşbu yönaliş böylab «yagona darça» va «yaşil yölaklar» tizimini tez fursatda joriy etişga çaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytiriş maqsadida joriy yil noyabr oyida Toşkent şahrida turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini ötkaziş rejalaştirilgan.




















