Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Global ekologik fond (GEF) kengashining 69-yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalari dunyoning yetakchi donor davlatlari e’tiboriga taqdim etildi.
Kengashda nutq so‘zlagan O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov davlat rahbari tomonidan bir qator muhim ekologik tashabbuslar, xususan, Orol dengizining qurib qolgan tubida keng ko‘lamli o‘rmonzorlashtirish kampaniyasi olib borilayotgani, bugungi kungacha 2 million gektar maydon yashil hududga aylantirilgani, «Yashil makon» umumxalq loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilayotgani va yashil hududlarni 30 foizgacha oshirish maqsad qilinayotgani, 2030 yilga borib «yashil» energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgani, qayta tiklanuvchi energiyaga va nol chiqindili transportga o‘tish rag‘batlantirilayotganini ta’kidladi.
Vazir, shuningdek, kengash ishtirokchilari e’tiborini O‘zbekistonda qonunchilikda atrof-muhitni asrashga qaratilgan qator o‘zgartirishlar kiritilgani hamda ekologik ta’lim sifati oshirilayotganiga qaratdi. Jumladan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi yangilanib, atrof-muhitni asrash borasidagi moddalar bilan boyitildi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan boshqa hujjatlar ekologik barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida takomillashtirildi.
Bundan tashqari, aynan davlat rahbari tashabbusi bilan Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University), O‘zbekiston prezidenti huzurida Iqlim kengashi va milliy iqlim markazi tashkil etildi. 2025 yil esa «Atrof-muhitni asrash hamda yashil iqtisodiyot yili» deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyutsiyalari, jumladan, 2027–2036 yillar oralig‘ida o‘rmon va yerlarni tiklashga oid rezolyutsiya ilgari surilmoqda.
Kengashda 2026 yilda GEFning 8-assambleyasi va GEF kengashining 71-yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilindi. O‘z navbatida, Aziz Abduhakimov O‘zbekiston hukumati nomidan chuqur minnatdorchilik bildirib, GEF ko‘magida O‘zbekistonning ekologik kun tartibini shakllantirishda muhim yutuqlarga erishilgani va hamkorlikni davom ettirishga umid bildirishini aytib o‘tdi.
Tadbirda aynan O‘zbekistonning ekologik faolligi va tashabbuslari tufayli jahon hamjamiyati Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishi sabablariga qarshi kurash va oqibatlarini yumshatish masalasiga e’tibor qaratayotgani qayd etildi. Xususan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi tadbirlarda yirik donor davlatlar mintaqadagi ekologik muammolarga yechim topish maqsadida birlashadi.
















