Xalqaro valuta jamğarmasi soliq bazasini kengaytiriş va soliq tuşumlarining YaIMga nisbati pasayişi tendensiyasini töxtatiş maqsadida jismoniy şaxslarning daromadi soliğini amaldagi 12 foizlik bir xil stavkadan oşib boruvçi tabaqalangan şkalaga ötişni taklif qildi.
Iqtisodçi Otabek Bakirovga köra, XVJning uşbu taklifiga aslo va aslo rozi bölmaslik kerak.
«Birinçidan, oxirgi yillarda daromad soliğidan tuşumlar uluşda ham, summada ham tezroq ösmoqda, birinçi çorakda ham bu tendensiya davom etgan. Ya’ni mehnat bozori oqarişdan, daromad soliği tölovçilar soni ösişdan töxtagani yöq, buni rasmiylar ham parlamentdagi oxirgi çiqişida tan olgan. Ösib boruvçi şkalaga ötiş soliq tuşumlarini bir martalik östirişi mumkin, lekin mehnat bozorining oqarişi taqa-taq töxtaydi, yana ommaviy konvertga qaytiş boşlanadi.
Ikkinçidan, yuqori daromad egalari, ya’ni boylar Özbekiston şaroitida daromadlarini korporativ xarajatlar orqali yoki dividend orqali çiqarib olişadi, aslo iş haqi orqali emas. Şuning uçun, ijtimoiy adolat haqida gap ketsa, dividend soliğini oşiriş (daromad soliği stavkasigaça) yoki şaxsiy iste’molga ketayotgan korporativ xarajatlarni soliq bazasiga kiritişni ilgari suriş lozim. Özi nima uçun mehnatkaş daromadidan 12 foiz, burjuy esa dividendidan 5 foiz (undayam mingta imtiyoz) soliq tölaşi kerak? Şumi ijtimoiy adolat?
Uçinçidan, agar daromad soliği stavkalari oşirilsa va progressiv şkalaga ötilsa, tinimsiz ösayotgan qarzlarni tölaş yukini xalq böyniga soliqlarni oşiriş körinişida (tariflar körinişida ilinişi allaqaçon boşlangan) ilinişi tezisi amalda tasdiqlanadi. Bu yana tiyiqsiz oşayotgan qarzlar va ularning samarasizligi masalasini köndalang qöyadi.
Törtinçidan, ijtimoiy siyosatni kuçaytiriş uçun soliq tuşumlarini köpaytiriş kerakmi? Albatta, kerak. Lekin mehnatkaşlar hisobidan emas. Yaşirin va noqonuniy imtiyozlarni qölga kiritgan, umuman boj tölamagan, şuning hisobidan oxirgi 8 yilda dollardagi milliarderlarga aylangan şovvozlar nihoyat soliqqa tortilişi kerak. Qani özbek gaz va neft konlarini egallab olganlar, karrasiga soliq stavkasi pasaytirilganlar? Şularning çöntagini böğiş payti kelmadimi? Qani bojsiz maşina olib kirib sotayotganlar? Şulardan hisob söraş kerakmasmi?» deya yozdi Bakirov.












