11 iyul kuni Kurdiston ishchilar partiyasining 30 nafar a’zosi, jumladan 15 nafar ayollar o‘z qurollarini yoqib yubordi. Juma kungi marosim Iroqning shimolidagi Kurdiston mintaqasida joylashgan, Sulaymoniyadan 60 km shimoli-g‘arbda joylashgan Dukan shahridagi Jasana g‘orining kirishida bo‘lib o‘tdi.

Marosimdan olingan videolarda kurdlar navbatma-navbat AK-47 avtomatlari, o‘qdonlar va boshqa qurollarni katta kulrang qozonga tashlayotgani aks etgan. Shundan keyin qurollari yoqib yuborilgan.

Foto: Channel8

Voqeani guruhning to‘rt nafar qo‘mondoni kuzatib bordi. Ulardan biri – KIPning yuqori lavozimli vakili Bese Xozat turk tilida guruhning qurolsizlanish to‘g‘risidagi qarorini o‘qib eshittirdi:

«Biz, sizning huzuringizda, yaxshi niyat va qat’iyat belgisi sifatida qurollarimizni ixtiyoriy yo‘q qilmoqdamiz», — dedi u. Keyin boshqa qo‘mondon ayni bayonotni kurd tilida o‘qib berdi.

Bese Xozat / Foto: AFP

Reuters nashrining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, marosim chog‘ida osmon uzra vertolyotlar aylanib uchgan, tog‘li hudud atrofini esa Iroq kurdlari xavfsizlik kuchlari o‘rab olgan.

Marosimda Turkiya va Iroq razvedka xodimlari, Iroq Kurdistoni mintaqaviy hukumati vakillari hamda Turkiyadagi kurdlarga oid muxolif DEM partiyasining yuqori martabali a’zolari ishtirok etdi. Aynan ushbu partiya bu yili KIPning qurolsizlanish qarorida muhim vositachilik qilgan edi.

Foto: AP

Kelgusidagi topshiriqlar qachon bo‘lishi hozircha noma’lum. Turkiya hukumati vakili bu qurol topshirish jarayonini «qaytmas burilish nuqtasi» deb baholadi. Yana bir manbaga ko‘ra, keyingi bosqichda KIP a’zolarining Turkiya jamiyatiga qonuniy yo‘l bilan qayta integratsiya qilinishi, hamjamiyatlarni sog‘lomlashtirish va yarashuvni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.