Poytaxt yana elektr energiyasi uzilishlari girdobida qoldi. Yoz chillasida minglab iste’molchilar soatlab toksiz qolyapti. Butun shahar bo‘ylab «shaxmat tartibida o‘chirish» boshlangan. Shifoxonalar, bog‘chalar va davlat tashkilotlari ham vaqti-vaqti bilan ta’minotdan uzilyapti.

Oxirgi kunlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar muttasil ravishda kuzatilyapti. Mahallalar navbati bilan elektrdan uzib qo‘yilyapti. Buning oqibatida aholi va tadbirkorlar turli muammolar bilan yuzlashmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar soatlab elektrsiz qolayotgani, suv ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida yozishyapti. Shifoxonalar, bog‘chalar va davlat tashkilotlari ham vaqti-vaqti bilan toksiz ishlayotgani haqida xabarlar bor. Svetoforlar ishlamasligi oqibatida shaharda harakatlanish qiyinlashgan.

Taniqli aktyor Mehriddin Rahmatov o‘z xonadonida svet ko‘p o‘chayotgani sabab maishiy texnikalari kuyib qolayotganini aytib, mas’ullardan tushuntirish berishni talab qildi.

Shundan keyin “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” havo issiqligi sabab bosim ortayotgani, yong‘in kelib chiqishining oldini olish uchun svet tez-tez o‘chirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, poytaxtning barcha hududlarida keng ko‘lamli tarmoqlarni yangilash, podstansiya quvvatlarini oshirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ketayotgani qo‘shimcha qilingan.

Kuniga bir necha marta, ogohlantirishsiz elektr ta’minoti uzilishlarining yuz berayotgani nafaqat aholiga, balki biznes muhitiga ham jiddiy ta’sir qilyapti. Masalan, Ipak yo‘li banki ish faoliyatidagi texnik nosozliklarga aynan elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.

1055 kommunal dispetcherlar telegram-kanalida ham poytaxtning deyarli barcha tumanlarida kuniga bir necha marta svet o‘chayotganidan norozi iste’molchilar minglab shikoyat qoldirganini ko‘rish mumkin. Kanal adminlari murojaatchilarning aksariyatiga uzilishlar rejali ta’mirlash ishlari boshlangani yoki texnik nosozlik ortidan ro‘y berayotganini bildirmoqda.