29 iyul kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer, agar Isroil falastinliklarning hayotini yaxshilash yo‘lida bir qator choralarni ko‘rmasa, Birlashgan Qirollik sentabr oyidagi BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olishga tayyorligini ma’lum qildi.

Agar ushbu yuridik protsedura amalga oshsa, Buyuk Britaniya Fransiyadan keyin BMT Xavfsizlik Kengashining Falastinni rasman tan olgan ikkinchi G‘arb davlati bo‘ladi.

Reuters nashrining yozishicha, bu — Isroilning G‘azoda Hamasga qarshi olib borayotgan urushdagi harakatlari sababli tobora ko‘proq xalqaro yolg‘izlanayotganini aks ettiradi.

Starmerning aytishicha, agar Isroil quyidagi aniq harakatlarni amalga oshirsa, Britaniya Falastinni tan olish qaroridan qaytadi:

  • G‘azoga ko‘proq insonparvarlik yordamini kirishiga yo‘l ochish;
  • G‘arbiy sohilni anneksiya qilmaslikka qat’iy kafolat berish;
  • Falastin davlatchiligini nazarda tutuvchi uzoq muddatli tinchlik jarayoniga sodiqligini e’lon qilish.

«Falastin xalqi dahshatli azob-uqubatlarni boshidan kechirdi. Bugun esa G‘azoda — yordam yetishmovchiligi tufayli — biz ochlikdan qiynalayotgan chaqaloqlarni, oyoqqa tura olmaydigan bolalarni ko‘rmoqdamiz. Bu tasvirlar umrimiz davomida yodimizdan chiqmaydi. Bu azob nihoyasiga yetishi kerak», — dedi Starmer jurnalistlarga.

Uning aytishicha, hukumat sentabr oyida Isroil va Falastin tomonlarining bu shartlarni qanchalik bajarganiga baho beradi. «Bu qarorni qabul qilishda hech kim veto huquqiga ega bo‘lmaydi», — dedi Starmer.

Nashrning yozishicha, bu qaror Starmer o‘z kabinetini shoshilinch ravishda yig‘ib, boshqa Yevropa yetakchilari bilan ishlab chiqilayotgan yangi tinchlik rejasi va G‘azodagi 2,2 million odamga yordam yetkazish yo‘llarini muhokama qilganidan so‘ng qabul qilindi.