G‘azoda – ocharchilik. 21-asrda hali bunday ommaviy ocharchilik kuzatilmagan edi. Hozir dunyoda oziq-ovqat tanqisligi yo‘q, ovqat – mo‘l-ko‘l. Lekin G‘azodagi ocharchilikning sababi – sun’iy. Isroil G‘azoni ataylab qamal qilib kelmoqda. Ko‘plab davlatlar, xalqaro tashkilotlar va hatto Isroil ichkarisidagi nufuzli inson huquqlari birlashmalari ham bu siyosatni genotsid deb nomlab bo‘lishdi.

G‘azo 2023 yil 7 oktyabrga qadar ham qamalda edi, qurshovda qolayotgan edi. 2023 yil 7 oktyabrdan keyin esa, g‘azoliklarning qismati og‘irlashdi. Ungacha Isroil G‘azoni ohista so‘ndirib kelayotgan edi, 7 oktyabrdan keyin Isroilning bu siyosati ashaddiylashdi, ochiqcha agressiv shaklga o‘tdi. Ikkinchi tomondan, dunyo hamjamiyati, jumladan, G‘arb davlatlarining ham Isroil siyosatini yaxshiroq tushunish uchun vaziyat paydo bo‘ldi.

Isroil shu paytga qadar Hamasni va Falastindagi boshqa guruhlarni, shaxslarni “terrorist” deb nomlab, ular bilan kurashib keladi. Lekin shu paytga qadar Isroil Falastin bo‘yicha biron bir loyiha taklif qilgani yo‘q, biron bir loyihaga real rozi bo‘lgani yo‘q. Chunki maqsad – Falastinni loyiha va davlat sifatida yo‘q qilish, tarixiy imkon bermaslik, uning yerlarini to‘liq anneksiya qilish, bosib olish, o‘zlashtirish.

Shu kunlarda bir qancha G‘arb davlatlari Falastinni davlat sifatida tan olish niyatida ekanini bildirishdi. Jumladan, Fransiya, Birlashgan Qirollik va Kanada kabi qudratli G‘arb davlatlari yaqin orada Falastin davlatini tan olish niyatida ekanini aytishmoqda. Sentyarb oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, yuqoridagi davlatlar Falastinni mana shu yig‘ilish chog‘ida tan olishmoqchi.

Xo‘sh, Falastinning bu davlatlar tomonidan tan olinishi nimani o‘zgartiradi? Qolaversa, nega ba’zi G‘arb davlatlari Falastinni tan olmoqchi, lekin bu ro‘yxatda AQSh yo‘q?

Falastinni qudratli G‘arb davlatlari tomonidan tan olinishi – hozircha ramziy ahamiyatga ega. Lekin yirik tarixiy o‘zgarishlar ham ramziy qadamlar, ramziy o‘zgarishlardan boshlanadi. Fransiya tomonidan Falastinni tan olish qarorini Isroil qattiq tanqid qilib chiqdi. Chunki Falastinning G‘arb klubidagi qudratli davlatlar tomonidan tan olinishi – Isroilning rejalarini o‘ta qiyinlashtiradi. Jumladan, agar Isroil Falastin xududlarini anneksiya qilmoqchi bo‘lsa, bu ish qiyinlashadi. Chunki qaysi davlatki agar Falastinni tan olsa, 1967 yilgi chegaralarda tan olgan bo‘ladi va avtomatik ravishda, Isroilni “bosqinchi davlat” deb e’tirof qilishiga to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, haliga qadar Falastin BMTda to‘laqonli a’zo emas. Qudratli davlatlar tomonidan Falastinning tan olinishi – ushbu davlatni BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishini ham tezlashtiradi. Shundan so‘ng Falastinda BMT kun tartibiga o‘z taklif va talablari bilan chiqish huquqi paydo bo‘ladi.