O‘zbekiston | 14:49 / 19.08.2025
2805
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston AES quriladigan maydonlarning seysmik xavfsizligini muhokama qildi

Xavfsizlik, seysmik barqarorlik, ekologiya masalalari va atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Foto: O‘zatom

18 avgust kuni «O‘zatom» agentligida Qozog‘iston ekologiya va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Jo‘mart Aliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan «O‘zatom» agentligi, AES qurilishi direksiyasi va boshqa tashkilotlar bilan atom sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

«O‘zatom» xabariga ko‘ra, muhokama chog‘ida xavfsizlik, seysmik barqarorlik, ekologiya masalalari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u bergan holda, atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ikki mamlakatda AES qurilishi uchun potensial maydonlarning seysmik xavfsizligi jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

«Qozog‘iston AES qurilishi loyihasining mustahkam poydevorini qo‘yib, muhandislik-qidiruv ishlariga kirishganini ko‘rish biz uchun katta quvonch. Biz bu bosqichning ahamiyatini yaxshi tushunamiz, chunki hozir o‘zimiz ham AES qurilishini amalga oshirmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz bir-biriga o‘xshash rivojlanish yo‘lini bosib o‘tayotgan o‘ziga xos davrdir va shuning uchun bizda ko‘plab o‘zaro bog‘liqlik nuqtalari mavjud. Biz tez-tez uchrashib turishimiz, tajriba almashishimiz va birgalikda yangi ufqlarni ochishimiz kerak — energetikadan tortib tibbiyotgacha, qishloq xo‘jaligi va suvni tozalashgacha, bu yerda yadroviy texnologiyalar xalqlarimizga foyda keltirishi mumkin», dedi «O‘zatom» agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.

O‘zbekiston tomoni yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi xalqaro huquqiy vositalarni implementatsiya qilish bo‘yicha erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tomonidan xavfsizlik sohasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi.

Mamlakatlar o‘rtasida radiatsiyaviy xavfsizlik va ma’lumotlar almashinuvi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan radiatsiyaviy va ekologik vaziyatni monitoring qilishning qo‘shma tizimi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning avariya holatlariga tayyorgarligini oshirishga imkon beradigan tezkor javob mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Tomonlar xodimlar malakasini oshirish, shuningdek, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid