Turon zamini XIX asr o‘rtalarida mustaqilligini yo‘qotib, 130 yil davomida bosqin ostida yashadi. Rus istilosi Qo‘qon, Buxoro va Xiva davlatlarini tarix sahnidan o‘chirib yubordi, lekin o‘zligini unutmagan xalqning erk istagi so‘nmadi. Qizil imperiya qulagach, Turon xalqlari uch ming yillik davlatchiligini tikladi.

Bugun O‘zbekiston istiqlolning 34 yilligini tarixiy saboqlar bilan qarshi olmoqda. Kun.uz sana munosabati bilan, mintaqamiz qanday qilib mustamlakaga aylangani va ozodlik yo‘lidagi tarixiy jarayonlar haqida suhbatlashish uchun tarixchilar Bahrom Irzayev va Abduvali Yo‘ldoshevni taklif etdi.

— Markaziy Osiyoni mustamlaka qilish qachon va qanday boshlandi?

Bahrom Irzayev: Umuman olganda, bu savolga tarix fani hozircha to‘liq javob bermaganini aytish mumkin. Masalan, bugun Markaziy Osiyo haqida gapirilganda besh davlat tilga olinadi, har birining qarashlari bor. Lekin XIX asrning 60-yillarida asosiy jarayonlar Buxoro, Xiva va Qo‘qon xonliklari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun, istilo davrini odatda shu yillardan boshlashadi. Ammo boshqa jihati ham bor: jarayonlarning ildizi ancha chuqur. Masalan, Pyotr I davrida knyaz Bekovich-Cherkasskiyning yurishi Xorazm xonining tadbirkorligi sabab to‘xtatilgani, keyinchalik Perovskiyning yurishlari ham muvaffaqiyatsizlikka uchragani tarixda qayd etilgan.

Qolaversa, bosqinning boshlanishi qurolli shaklda bo‘lmagan. Rus sharqshunosligi, geografiya jamiyatlari, hatto arxeologiya nomi ostida kelgan olimlar, savdogarlar, ulamolar ham mustamlakachilikka tayyorgarlik vazifasini bajargan. Ular xatlar, ma’lumotlar yig‘ib, Rossiyaga yetkazishgan. Qolaversa, Buxoro va Xorazmda dars bergan Marjoniy, Qursaviy kabi ulamolar davrida ham turli hududlardan talabalar kelib o‘qigan, ular orqali ham ancha ma’lumotlar tarqalgan. Bundan tashqari, Rossiya va Buyuk Britaniya elchilari ham kelib, harbiy va iqtisodiy ahvolni o‘rgangan. Demak, istilo jarayoni uzoq tayyorgarlik mahsuli edi.

Fayzulla Xo‘jayev ham bu davrga o‘z bahosini bergan. Uning fikricha, Markaziy Osiyo xonliklari taraqqiyotdan ortda qolayotgandi, lekin xalq Yevropa madaniyati va texnik yutuqlariga intilar, Yevropa ham mintaqa bozoriga qiziqqan, natijada ikki tomonlama manfaat shakllangan edi. Lekin Eron yarim mustamlaka, Hindiston esa to‘la mustamlaka bo‘lib, O‘rta Osiyoning dunyo bilan bog‘lanishida yagona yo‘l Rossiya edi. Shu bois savdo va iqtisodiy aloqalar tobora Rossiya bozoriga moslashib bordi.

Bundan tashqari, ayrim amaldorlar imtiyoz evaziga katta ma’lumotlarni qizil imperiyaga yetkazib turishgan. Natijada, 60-yillar istiloning boshlanishi emas, balki yakuniy bosqichi va oxirgi zarbasi bo‘ldi. Shunday qilib tayyorgarlik asrlar davomida olib borilgan bo‘lsa-da, 1860-1870 yillarda – juda qisqa muddat ichida uch asosiy davlatimiz Qo‘qon, Buxoro va Xiva o‘zining tom ma’nodagi mustaqilligini yo‘qotdi.