Jamiyat | 15:14 / 22.09.2025
13798
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda avtobus tez yordam yo‘lagidan harakatlanib, odam urib yubordi

Holat Kichik beshyog‘och ko‘chasida kunning tig‘iz vaqtida sodir bo‘lgan. Haydovchi tirbandlikdan qochib, tez yordam uchun maxsus yo‘lakdan harakatlangan. Shu vaqtda oldidan chiqqan piyodani urib yuborgan. Kun.uzʼga murojaat qilgan haydovchilardan biri ayni holatni avtobuslar reyslarga vaqtida yetib borolmayotgani bilan tushuntirishga urindi. “Reyslariga vaqtida bormasa, kechqurungi reyslarini olib tashlashyapti, olib tashlasa, oylik maoshlar to‘liq chiqmaydi”, – deydi u.

Foto: Videodan kadr

Kun.uz ixtiyoriga poytaxt yo‘nalishlari bo‘ylab harakatlanuvchi avtobusning piyodani urib yuborgani aks etgan videosi kelib tushdi. Videoyozuvga ko‘ra, holat 18 sentabr kuni soat 18:51 larda Kichik beshyog‘och ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Avtobus tiqilinchda qolmaslik uchun tez yordamga ajratilgan maxsus yo‘lakdan 53 km/soat tezlikda harakatlangani ko‘rinadi. Shu vaqtda transport vositasi yo‘lni kesib o‘tayotgan bir piyodani urib yuborgan. Piyoda avtobus oynasiga urilib, uchib ketgan. 

Tahririyatga murojaat qilgan avtobus haydovchilardan birining aytishicha, bu yerdagi asosiy muammo tirbandlik oshgani va jamoat transport vositalari o‘z vaqtida reyslariga yetib borolmayotgani bilan bog‘liq.

“Hozirda shaharda juda katta tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Haydovchilar reyslariga o‘z vaqtida yetib bora olmayapti, shuning uchun hamma haydovchilar shoshilib yuradi, reyslariga vaqtida bormasa, kechqurun reyslarini olib tashlashyapti, olib tashlasa, oylik maoshlari to‘liq chiqmaydi.

Hamma bola-chaqasini boqish ilinjida harakat qilmoqda, 1 soatlik reysga haydovchilar tirbandliklar sabab 1 soat-u 40, 50 daqiqa kechikib boryapti. Sizlardan so‘rab qolardim: “Toshshahartransxizmat” haydovchilarning reyslarini kamaytirib, 1 ta reysga yetib borish vaqtini yarim soatga uzaytirib bersin. Aynan shunday ko‘ngilsizliklarning oldi olingan bo‘lar edi”, – deyiladi murojaatda.

“Toshshahartransxizmat” AJning Kun.uzʼga aniqlik kiritishicha, bu vaziyat Do‘stlik 2-mavzesidan Muhammad Yusuf ko‘chasigacha harakatlanuvchi 62-avtobus bilan yuzaga kelgan.

Rasmiylar avtobus urib yuborgan piyoda tirik qolganini, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, AJga ko‘ra, hozirgi kunda tashkilot tarkibidagi barcha 163 ta avtobus yo‘nalishlarining hujjati ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Xabarda ularning qatnov vaqti va intervalidagi cho‘zilishlar tirbandlik sabab yuzaga kelayotgani tan olingan.

“Toshkent shahridagi ko‘cha-yo‘l tarmoqlarida avtotransport vositalarining harakati cheklangan vaziyatlarda bunday manzillar orqali harakatlanuvchi avtobus yo‘nalishlarining qatnov vaqti va avtobuslar oraliq interval vaqtlarini belgilangan vaqtlardan ortib ketishi holatlari yuzaga keladi. 

Haydovchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan maxsus dasturiy ta’minotda inobatga olinmagan qatnovlarni hisobga olish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar asosida tegishli davlat tashkilotlariga murojaat qilinadi va haydovchi tomonidan bajarilgan qatnovlarni hisobga olish choralari ko‘riladi”, – deyiladi rasmiy izohda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkentda metrobuslar intervali uzaygandi. “Toshshahartransxizmat” kunning tig‘iz vaqtlarida “Texnopark–Qipchoq” yo‘nalishidagi ayrim uchastkalarda 9 balli tirbandliklar vujudga kelganini, shu sabab avtobuslar harakati qatnovlari o‘rtasida vaqt oshganini aytib chiqqandi.

Mavzuga oid