Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,7 foizga o‘sishi kutilmoqda - YeTTB
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yangi prognoziga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston YaIM 6,7 foizga, 2026 yilda esa 6 foizga o‘sishi kutilmoqda. Kuchli ichki talab, ish haqlari va pul o‘tkazmalarining oshishi buning uchun asosiy omillar bo‘lib qolmoqda. Joriy yilgi iqtisodiy o‘sish Qirg‘izistonda 9 foiz, Tojikistonda 7,5 foiz, Turkmanistonda 6,3 foiz, Qozog‘istonda 5,7 foiz bo‘lishi mumkin.
Foto: iStock
2025 yilda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati va Mo‘g‘ulistonni o‘z ichiga olgan mintaqa iqtisodiyoti o‘rtacha 6,1 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki e’lon qilgan hisobotda so‘z boradi.
“Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” nomli hisobotda ta’kidlanishicha, mazkur o‘sish sanoat ishlab chiqarishi, kuchli ichki talab, investitsiyalar, real ish haqlarining o‘sishi hamda mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalarining ko‘payishi hisobiga ta’minlanadi.
2026 yilda ijobiy tendensiyalar saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda, biroq o‘sish sur’ati 5,2 foizga pasayishi mumkin.
O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘sish tezlashdi
YeTTB joriy yil birinchi yarmida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish tezlashib, 7,2 foizni tashkil etgani, xususan xizmatlar sektoridagi o‘sish 8,2 foiz bo‘lganini qayd etgan. Bunday yuqori o‘sish – kuchli ichki talab, real ish haqlarining o‘sishi va pul o‘tkazmalari hajmining 28,7 foizga ko‘payishi bilan izohlangan.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida O‘zbekistonning sanoat ko‘rsatkichlari ham yaxshilangan – oziq-ovqat va metallurgiya ishlab chiqarishining kuchayishi bunga asos bo‘lgan. Tabiiy gaz qazib olishdagi sustlik global oltin narxlarining yuqoriligi hisobiga qoplangan.
YeTTB prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 6,7 foizga, 2026 yilda esa 6 foizga o‘sishi kutilmoqda. Ushbu o‘sish kuchli ichki iste’mol va investitsiyalar, shuningdek, xorijiy investitsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan divercifikatsiyalashgan ishlab chiqarishning barqaror kengayishi hisobiga ta’minlanadi.
Mintaqa bo‘yicha prognozlar
YeTTB hisobotida Markaziy Osiyo mamlakatlari 2025 yilda o‘rtacha 6,1 foiz iqtisodiy o‘sishga erishishi prognoz qilinmoqda. Biroq 2026 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 foizga pasayishi mumkin.
- Qozog‘iston – 2025 yilda 5,7 foiz, 2026 yilda 4,5 foiz o‘sishi kutilmoqda. 2025 yilning I yarmidagi 11,6 foiz o‘sish asosan Tengiz konida neft ishlab chiqarish hajmining ortishi hisobiga bo‘lgan.
- Qirg‘iziston – mintaqada eng tez sur’atlarda rivojlanmoqda. 2025 yilda 9 foiz, 2026 yilda 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan.
- Mongoliya – 2025 yilda 5,8 foiz, 2026 yilda 5,5 foiz. Asosiy drayver – qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasi.
- Tojikiston – 2025 yilda 7,5 foiz, 2026 yilda 5,7 foiz. Oltin narxlarining yuqoriligi va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik ijobiy rol o‘ynaydi.
- Turkmaniston – 2025-2026 yillarda 6,3 foiz o‘sishi prognoz qilinmoqda. Energetika va infratuzilma loyihalari asosiy omillar sifatida ko‘rsatilgan.
Hisobotda xomashyo narxlaridagi keskin tebranishlar, Rossiya va Xitoy bozorlariga yuqori darajadagi qaramlik hamda pul o‘tkazmalarining kamayishi ehtimoli mintaqa uchun asosiy xavf sifatida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida e’lon qilingan Markaziy bank hisobotidan O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi qo‘shni davlatlarga nisbatan ortda qolayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Mavzuga oid
18:15 / 17.11.2025
Qayta hisobotdan keyin O‘zbekistonning 2024 yilgi yalpi ichki mahsuloti 121 mlrd dollardan oshdi
07:15 / 08.11.2025
2025 yilda dunyodagi eng boy mamlakatlar reytingi
07:40 / 07.11.2025
BRICS vs G7: 2026 yil YaIM o‘sishi prognozlari - BRICS ustun
10:49 / 31.10.2025