Tramp boshlagan savdo urushi va geosiyosiy notinchlik oqibatida AQSh dollarining zaiflashgani hamda global oltin narxlarining rekord darajada ko‘tarilgani haqida avvalgi maqolamizda yozgan edik. Yirik oltin eksportchisi sifatida O‘zbekiston bu tendensiyadan sezilarli foyda ko‘rdi. Joriy yil avgustida O‘zbekistonning oltin eksporti 8,4 mlrd dollarga yetib, o‘tgan barcha davrlar uchun rekord darajani qayd etdi. Bu davr mobaynida oltin eksporti jami tovarlar eksportining qariyb yarmiga yetgan.

Yil yakuniga qadar mo‘ljallangan oltin ko‘rsatkichlari yanada hayratlanarliroq: 2025 yil oxirigacha O‘zbekistonda oltin qazib olish hajmi 118 tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu esa hozirgi bozor kotirovkalarini hisobga olganda oltin eksporti iqtisodiyotimizga 14 milliard dollardan ortiq daromad keltirishini anglatadi.

Biroq bu raqamlar ortida murakkab makroiqtisodiy savollar yashiringan:

  • Bu ulkan daromadlarni qanday boshqarish kerak?
  • Ushbu daromadlardan paydo bo‘lgan ortiqcha likvidlilik sterilizatsiya qilinmasa, qanday iqtisodiy xavf-xatarlar kelib chiqishi mumkin?
  • Bunda davlat boylik jamg‘armasining roli qanday bo‘lishi kerak?

Quyida ushbu masalalarni tahlil qilamiz.

Oltin daromadlarining inflyatsion oqibatlari

Oltin kotirovkalarining rekord darajada qimmatlashishi fonida (1 unsiya – $3800) O‘zbekistonga oltindan kelayotgan favqulodda yuqori daromadlar makroiqtisodiy barqarorlikka, xususan, inflatsiyaga qanday ta’sir etishi to‘g‘risida turli qarashlar yuzaga chiqa boshladi.

Masalan, Markaziy bank raisi yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida oltin “avtomatik stabilizator” funksiyasiga ega ekani tufayli neft kabi tovarlarga qo‘llanadigan ortiqcha daromadlarni jamg‘arish mexanizmi oltin uchun to‘liq mos kelmasligi mumkinligini ta’kidladi. Ya’ni oltin narxlari neft narxlaridan farqli o‘laroq, global noaniqlik davrida aynan iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari qiynalayotgan paytda ko‘tarilishga moyil. Bunday holatda oltin eksportidan olingan ortiqcha daromadlar tabiiy ravishda barqarorlashtiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, deb tushuntiriladi bayonotda.