AQSh prezidenti Donald Tramp CBS News telekanalining «60 daqiqa» dasturiga bergan intervyusida nima uchun yadro qurollarini sinovdan o‘tkazmoqchi ekani haqida gapirdi.

Tramp, 30 oktabr kuni Xitoy raisi Si Jinping bilan uchrashuv oldidan «urush departamentiga yadro qurollari sinovini boshlashni buyurgani»ni yozgandi. Jurnalist undan nimani nazarda tutganini so‘radi:

«Men yadrosizlanish haqida biror narsa qilish kerak, deb hisoblayman. Bu masalani men aslida prezident Putin va Si bilan ham muhokama qilganman. Yadrosizlanish — juda muhim masala. Bizda dunyoni 150 marta portlatishga yetadigan yadro qurollari bor. Rossiyada ham ko‘p, Xitoyda esa hozircha kamroq, lekin ularda ham ancha bor.

Yadro qurollari qanday ishlashini bilish uchun sinov kerak. Shuning uchun ham biz ham boshqa davlatlar singari yadro sinovlarini o‘tkazamiz», dedi Tramp.

Jurnalist unga Shimoliy Koreyadan boshqa davlatlar, xususan Rossiya va Xitoy yadro qurolini portlatib sinov qilmayotganini aytdi. Trampga ko‘ra, unday emas:

«Rossiya sinov o‘tkazyapti, Xitoy ham. Ular bu haqida gapirmaydi, xolos. Biz esa ochiq jamiyatmiz. Bizda jurnalistlar bor, ular bu haqida yozadi. Ular esa yo‘q. Shuning uchun biz bu haqida ochiq gapirishimiz kerak.

Biz sinov o‘tkazamiz, chunki ular ham o‘tkazyapti. Albatta, Shimoliy Koreya sinov o‘tkazyapti. Pokiston ham sinov o‘tkazgan.

Ular sizga bu haqida aytmaydi, xolos. Dunyoda katta, sinovlar ko‘pincha yer ostida o‘tkaziladi, shuning uchun hamma ularni sezmaydi. Ba’zan faqat ozgina silkinish seziladi, xolos. Rossiya yaqinda «boshqa darajadagi sinovlar» o‘tkazishini aytib, bizga biroz tahdid qildi.