Rossiya tarafidan kelayotgan tahdid oshayotganini his etar ekan, Polsha o‘z fuqarolari uchun keng qamrovli ixtiyoriy harbiy tayyorgarlik dasturini yo‘lga qo‘yadi. Milliy mudofaa vazirligi ishlab chiqqan “Tayyor holatda” (#wGotowości) loyihasining pilot bosqichi 22 noyabr kuni boshlanadi, dedi 6 noyabr kuni Varshavada mamlakat mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish.
Polsha hokimiyatining maqsadi — 2025 yil oxiriga qadar 100 ming, 2026 yil davomida yana 400 ming fuqaroni o‘qitishdir.
“Ikkinchi jahon urushidan buyongi eng xavfli davrda yashayapmiz. Chegaramiz ortida urush avjida, Boltiq dengizi hududida sabotaj harakatlari amalga oshirilmoqda, kibermakonda esa jangovar harakatlar ketyapti”, — dedi Kosinyak-Kamish. Shu bois, uning so‘zlariga ko‘ra, “qatnashishni xohlaydigan barcha polyak fuqarolari”ga — boshlang‘ich sinf o‘quvchisidan tortib qariyalargacha mo‘ljallangan dastur tayyorlangan.
Dastur to‘rtta moduldan iborat: xavfsizlik asoslari, tirik qolish bo‘yicha treninglar, birinchi tibbiy yordam va kiberxavfsizlik. Polsha raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvlar dam olish kunlarida o‘tkaziladi, har bir modul, odatda, bir kun davom etadi. Fuqaro maxsus ilova orqali o‘z yashash joyiga yaqin kurslarga ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Yaqinda Polshada 14–15 yoshli o‘quvchilar uchun qurol bilan muomala qilish bo‘yicha majburiy ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Unda real o‘q-dorilar bilan otish nazarda tutilmaydi, biroq ishtirokchilar amalda qurolni yig‘ish, zaryadlash va razryadlashni, shuningdek, lazerli yoki soxta patronlar bilan otishni o‘rganadi.











