Xorazm viloyatida fuqarolarning bank kartalaridagi pulini o‘g‘irlab kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, guruh a’zolari “apk” virusli fayllarini yaratib, ijtimoiy tarmoqlar orqali mobil qurilmalarga jo‘natgan. So‘ngra ushbu virusli fayllarni faollashtirgan fuqarolarning bank kartasidagi mablag‘ini o‘zlashtirib olgan.

Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda “apk” fayllarini tarqatish orqali 133 nafar fuqaroning jami 3 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘ini qo‘lga kiritgan jinoiy guruh qo‘lga olingandi.