12 noyabr kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kanadaning Niagara mintaqasida bo‘lib o‘tgan «Katta Yettilik» – G7 tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida qatnashdi. Muzokaralar asosan Ukraina va G‘azodagi urushlarga qaratilgan bo‘lsa-da, ayrim ishtirokchi mamlakatlar – giyohvand moddalar tashiyotgani aytilayotgan qayiqlarga qarshi AQSh zarbalari yuzasidan xavotir bildirgan.

Reutersʼning yozishicha, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro seshanba kuni yig‘ilish boshida bu zarbalar «xalqaro huquqni buzadi» va Fransiyaning mintaqadagi hududlari uchun tashvish uyg‘otadi, degan.

G7 tadbiri davomida NBC Newsʼga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Kaya Kallas ham AQShning zarbalari hech qanday huquqiy asoslarga ega emasligini aytib, bu masalani hamkasb vazirlar bilan muhokama qilganini ma’lum qildi. U, shuningdek, giyohvand moddalar kontrabandasi jiddiy muammo ekanini, shu boradagi xalqaro huquq qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini qo‘shimcha qildi.

Kanadada to‘plangan G7 TIV vazirlari / Foto: Reuters

New York Times'ning yozishicha, tadbirning rasmiy mezboni, Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anand mamlakati AQShga giyohvandlikka qarshi choralar masalasida yordam berganini, biroq Lotin Amerikasi suvlaridagi amerikaliklarning harakatlariga «aloqasi yo‘q»ligini aytdi.

U, shuningdek, zarbalar xalqaro huquqni buzgan-buzmaganini baholashdan tiyildi va buni «AQSh rasmiylari vakolatiga kiradigan masala» ekanini bildirdi.

Shu bilan birga, G7 vazirlari o‘z bayonotida «noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga qarshi dengiz portlari va yo‘llarini himoya qilish borasida hamkorlikni kuchaytirish»ga bo‘lgan umumiy majburiyatni qayta tasdiqladi. Lekin Lotin Amerikasi suvlarida AQShning kuchaytirilgan harbiy kampaniyasini alohida tilga olmadi.

Rubio nima dedi?

Kanadadan ketishidan avval jurnalistlar bilan gaplashgan AQSh Davlat kotibi Marko Rubio G7 yig‘ilishi davomida hech kim bu operatsiyalar mavzusini ko‘tarmaganini aytdi.