Jahon | 18:53 / 10.12.2025
840
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hukumati yil boshidan beri 85 mingta vizani bekor qildi

2025 yil boshidan beri AQSh turli toifadagi 85 mingta vizani bekor qilgan. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Vizalarning qariyb 50 foizi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan qaytarib olingan. Shuningdek, sakkiz mingta talaba vizasining amal qilishi to‘xtatilgan.

AQSh Davlat departamenti 2025 yil yanvaridan beri 85 mingta viza bekor qilinganini tasdiqladi.

«Yanvardan beri 85 mingta viza bekor qilindi. Prezident Tramp va davlat kotibi Rubio bitta maqsad yo‘lida karakat qilyapti va ular to‘xtash niyatida emas. Bu Amerikani yana xavfsiz qilish», — deya yozgan AQSh Tashqi ishlar idorasi X ijtimoiy tarmog‘ida.

Avvalroq, CNN telekanali Davlat departamenti rasmiysiga tayanib, yil boshidan beri AQSh turli toifadagi 85 mingta vizani bekor qilgani, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p ekani haqida xabar bergandi.

Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, vizalarning qariyb 50 foizi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan qaytarib olingan. Shuningdek, sakkiz mingta talaba vizasi bekor qilingan.

Mamlakatda viza siyosatiga oid yangilanishlar xalqaro talabalar oqimi va biznes safarlariga ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Viza bekor qilish dinamikasi yuqori darajada saqlansa, 2025 yilda umumiy raqam rekord ko‘rsatkichga yetish ehtimoli bor.

Mavzuga oid