O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Tegishli qonun loyihasi 17 dekabr kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi yuzasidan deputatlarga Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov ma’ruza qildi. Hujjat o‘tgan oydagi prezident farmoni asosida ishlab chiqilgan.

Ko‘zyosh qiladigan masala”

Ravshan Mamatov nutqini hazil bilan boshladi, shu bilan birga, ma’ruzasi hazillashadigan mavzuda emasligini qo‘shimcha qildi.

Bu ulug‘ dargohda ma’ruza qilish men uchun juda katta sharaf va mas’uliyat. Shu bilan birga, birinchi marta bo‘lgani uchun ozgina hayajondaman, afv etasizlar. O‘zimni imtihonga kelgan talabadek his qilyapman. Bitta umidim bor: oxirida “ikki” qo‘yib chiqarib yubormasalaring bo‘ldi.

Hurmatli spiker, nutq madaniyati bo‘yicha ustozlar doim aytishgan: ma’ruzangni hazildan boshlasang yaxshi bo‘ladi deb. Lekin afsuski, bugungi masala, sizlarning hukmlaringizga olib chiqilayotgan hujjat hazilni ko‘taradigan darajada emas. Hazil uyoqda tursin, ko‘zyosh qiladigan darajadagi masala”, – dedi u.

Rivojlangan davlatlar harbiy kuch ishlatishga majbur bo‘lmoqda

Milliy markaz direktori qonun loyihasining tafsilotlariga o‘tishdan oldin, AQSh, Yevropa va Braziliyadagi narkojinoyatlar bilan bog‘liq joriy vaziyatga e’tibor qaratdi.

AQSh – dunyoning geosiyosiy, geoiqtisodiy va harbiy jihatdan dunyoning eng qudratli mamlakatlaridan biri – narkotiklarning noqonuniy muomalasidan aziyat chekayotgan eng katta davlat. Ko‘z oldilaringga keltiringlar: har yili AQShda 100 ming odam sintetik narkotiklardan zaharlanish (“peredoz”) bilan o‘ladi. Har yili. Keyingi yillarda koalitsiya tuzib, siyosatini kuchaytirishdi, bu yil 70 minggacha tushirishdi. 70 ming – bitta shaharchaning aholisi bir yilda o‘lib ketyapti.