Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Misr O‘zbekiston uchun strategik IT-eksport bozorlaridan biriga aylanishi mumkin
O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida IT-Park ishchi guruhi bilan uchrashuv o‘tkazilib, Qohiraga 7–12 dekabr kunlari amaliy safar natijalari muhokama qilindi. Tomonlar yaqin ikki yil ichida Misr IT-eksportning eng strategik va tez rivojlanayotgan bozorlaridan biriga aylanishi mumkinligini qayd etdi.
Foto: “Dunyo” AA
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi — IT-Parkning ishchi guruhi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ishchi guruhning joriy yil 7–12 dekabr kunlari Qohiraga amaliy safari davomida erishilgan kelishuvlar hamda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha rejalar muhokama qilingan.
Ta’kidlanishicha, IT-Parkning Misrdagi turdosh kompaniyalar bilan hamkorligi hozircha boshlang‘ich bosqichda. Ayni paytda IT-Parkda Misrning yagona rezidenti sifatida NEN FOR INFORMATION TECH kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Korxona arabcha RTL yo‘nalishlari uchun eExam litsenziyasi va “AI monitoring” xizmatlarini ko‘rsatib, 15 nafar xodimni ish bilan ta’minlagan.
Qohira safari doirasida F6Ventures, EgyRobo, V.Connct, ACT International, Plug and Play Egypt kabi 10 dan ziyod yetakchi kompaniyalar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan aniq rejalar belgilab olingan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda Misrdan 10 ta yangi kompaniyaning O‘zbekistonda faoliyat boshlashi, 250 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va yillik IT hamda BPO eksport hajmini 2 million dollarga yetkazish bo‘yicha choralar ishlab chiqilmoqda. Shu bois, yaqin 2 yil ichida Misr O‘zbekiston uchun IT-eksportning strategik va tez rivojlanayotgan bozorlaridan biriga aylanishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Uchrashuv yakunida kelgusida O‘zbekiston va Misr o‘rtasida AKT sohasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
12:30
Yangi konlarni aniqlash: O‘zbekiston–Misr hamkorligi uchun ishchi guruh tuziladi
17:34 / 18.12.2025
Misrda o‘zbekistonliklarning ushlanishi bilan bog‘liq holatlar oshdi
15:34 / 17.12.2025
O‘zbekiston–Misr: to‘qimachilikda qo‘shma korxonalar tashkil etiladi
12:45 / 13.12.2025