Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

«Metan zapravkalar» faoliyatiga yana vaqtincha cheklov kiritildi

Havo harorati pasayishi va tabiiy gazga talab oshishi ortidan ayrim hududlarda gaz quvurlarida bosim pasaymoqda. Shu munosabat bilan aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obektlarini birinchi navbatda ta’minlash maqsadida «metan zapravkalar» ishiga vaqtincha cheklov joriy etildi.

Mazkur choralar faqat sovuq kunlarda aholi uchun barqaror ta’minotni ta’minlashga qaratilgani, vaziyat barqarorlashishi bilan cheklovlar bekor qilinishi ta’kidlanmoqda.

Aholi ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soha obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda ta’minlanadi.

«Sea Breeze Uzbekistan» turistik majmuasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadi

23 yanvar kuni Bo‘stonliq tumani hokimligida «Sea Breeze Uzbekistan» turistik majmuasi qurilishi loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash yuzasidan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tadi.

Jamoatchilik eshituvi loyihasi doirasida hududni rejalashtirish va qurilish yechimlari, atmosfera havosi, suv va tuproqqa bo‘ladigan ta’sir, chiqindilarni boshqarish, yashil hududlar va suv obektlarini muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik choralari va monitoring masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Chorvoq atrofidagi 577 gektar yer maydoni ozarboyjonlik tadbirkor Emin Agalarovning «Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi uchun ajratib berilgan. Loyiha Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘i hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etishni nazarda tutadi.

Ichki ishlar tizimida migratsiya xizmatlari raqamlashtiriladi, «Aqlli» shoxobchalar joriy etiladi