22 yanvar kuni Shvetsariyaning Davos shahrida AQSh prezidenti Donald Tramp bir nechta yetakchilar ishtirokida o‘zining Tinchlik kengashi nizomini ratifikatsiya qildi. Marosimdan keyin Donald Trampning kuyovi va sobiq maslahatchisi Jared Kushner G‘azoning kelajagi bo‘yicha rejalarini e’lon qildi.

«Bizda bosh reja bor… B rejasi yo‘q,» degan Kushner "New Gaza" deb atagan loyihasini slaydlar orqali taqdim etdi. Biroz shoshmashosharlik bilan o‘tgandek tuyulgan taqdimotda xaritadagi turar joylar, ma’lumotlar markazlari va sanoat bog‘lari uchun ajratilgan hududlar ko‘rsatilgan. Rejaga ko‘ra, G‘azo butunlay yangidan quriladi.

Rafahdan boshlanadigan qurilishlar

Kushner tasavvuridagi kelajak G‘azosida O‘rta yer dengizi sohili bo‘ylab «sohil turizmi» zonasi barpo etiladi. CNN nashrining yozishicha, sohilda uzunligi 180 tagacha osmono‘par binoni sig‘dira oladigan katta hudud bo‘lib, ularning aksariyati mehmonxonalar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Foto: Oq uy matbuot xizmati

G‘azoning janubi-g‘arbiy qismida esa Misr bilan chegara yaqinida port ko‘rsatildi, portdan ichkarida esa aeroport uchun zonalar belgilangan. Xaritada belgilanmagan bo‘lsa-da, bir necha kilometr janubda 20 yil avval Isroil vayron qilgan G‘azoning sobiq aeroporti joylashgan.

Kushner «Yangi Rafah» va «Yangi G‘azo» deb atagan ikki yirik shahar loyihasini ta’kidladi. «Yangi Rafah»da 100 mingdan ortiq doimiy turar joy, 200 dan ziyod maktab va 75 dan ortiq tibbiyot muassasasi qurilishi rejalashtirilgan.

Foto: Oq uy matbuot xizmati

«Yangi G‘azo» sanoat markazi bo‘lishi, 100 foizlik bandlikka erishish maqsad qilingan. Kompyuter grafikalarida qilingan slaydda Singapur va Dubayni eslatuvchi, suv bo‘yidagi hashamatli binolaridan iborat megapolis tasvirlangan.

Kushnerning aytishicha, qurilish Isroil qo‘shinlari nazoratidagi janubiy Rafah shahrida «ishchi kuchi uchun uy-joylar» qurishdan boshlanadi. U yerda vayronalarni tozalash va buzish ishlari allaqachon boshlangan.