Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Benzinga naqd pulda to‘lov to‘xtatiladi

1 apreldan boshlab bir qator to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda qabul qilinadi, bu prezident farmonida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektromobillar uchun zaryadlash bo‘yicha xizmatlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Farmon respublikada naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan.

Shuningdek, naqd pulga uy-joy, avtomobil oldi-sotdisi ham bekor qilinmoqda.

Toshkentdagi Aviator savdo markazida yuz bergan yirik yong‘in bo‘yicha jinoiy ish ochildi

Ish Jinoyat kodeksining 19211-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan ochildi.

Yashnobod tumani Parkent yo‘li ko‘chasida joylashgan ushbu savdo majmuasida yong‘in 31 yanvar kuni soat 15:30 dan keyin ikkinchi qavatda sodir bo‘lgan. U yerda Pixel bolalar maydonchasi, shuningdek, bir nechta ovqatlanish muassasasi joylashgan. Birinchi qavatdagi Korzinka supermarketi zarar ko‘rmagan.

Hodisadan so‘ng vayronalar ostidan 2 yosh-u 7 oylik qizning jasadi topilgan.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat qabul qilish boshlandi

1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlardan arizalar qabul qilish boshlandi.