Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Rossiya har 1 kilometr yerga 156 askarning jonini tikmoqda” – Zelenskiy Myunxenda nimalar dedi?
Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida eng qiziq sessiyalardan biri Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tdi. U o‘tgan yanvar oyida Ukraina ko‘rgan zarar va Rossiya har bir kilometr Ukraina yeri uchun tikayotgan resurs haqida ma’lumotlarni taqdim etdi. Putin podshoh emas, urushning quli, u tirik ekan ongida urush aylanaveradi, dedi Zelenskiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ukraina himoyasida mahkam, qurol ishlab chiqarishdagi qo‘llovdan tashqari 90 mlrd yevrolik yordam kafolati ham berilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sessiyasida Yevropa va AQShning nomdor siyosatchilari ham qatnashdi. Tinglovchilari qatorida NATOning sobiq va hozirgi bosh kotiblari, Moldova prezidenti, AQSh kongressi a’zolari, AQSh sobiq davlat kotibi va birinchi xonimi – Hillari Klinton va boshqalar zaldan o‘rin olgandi. Dastavval Zelenskiyning sahnaga chiqishini barcha davomli qarsaklar bilan qarshi oldi. Volodimir Zelenskiy taxminan yarim soatlik nutqini taqdim etdi, undan so‘ngra sessiya muhokama bilan davom etdi.
“Bir oyda 6 mingta dronni urib tushirishga majburmiz”
Zelenskiy nutqini Ukrainaning hamkorlari hamda Kiyevga yordam qo‘lini cho‘zganlarga rahmat aytishdan boshladi. Prezident birgina o‘tgan yanvar oyida Ukraina ko‘rgan zarar va Rossiya hujumining ko‘lamiga to‘xtaldi.
“Oxirgi zarba sodir bo‘lganida, ko‘pchiligingiz allaqachon Myunxenda edingiz. Yanvar oyining o‘zida 150 ta har xil turdagi rus raketalari va 50 dan ortiq planerli bombalar. Va har oy shunday bo‘ladi. Buni o‘z shahringizda tasavvur qiling: vayron bo‘lgan ko‘chalar, xarobaga aylangan uylar, yer ostida qurilgan maktablar. Va bu, albatta, Rossiya tufayli, 4 uzoq yil davomida Ukrainadagi kundalik hayot. Rossiya ko‘plab ballistik raketalardan foydalanadi va qo‘shma hujumlarni amalga oshiradi. Zarbalarning aksariyati elektr stansiyalarimizga va boshqa muhim infratuzilmalarga qaratilgan va Ukrainada Rossiya hujumlaridan zarar ko‘rmagan birorta ham elektr stansiyasi qolmagan, birorta ham. Ammo biz hali ham elektr energiyasi ishlab chiqaramiz. Xalqimiz tufayli buni qilolyapmiz. Rossiya hujumlari Ukrainada deyarli har kecha sodir bo‘ladi va haftasiga kamida bir marta ommaviy zarbalar beriladi. Shunga qaramay, Ukraina keng ko‘lamli urushning 1451 kuniga bardosh berdi, bu hamma bashorat qilganidan uzoqroqdir. Va men sizdan Ukrainaga qilingan bu hujumlarning haqiqiy ko‘lamini tushunishingizni istayman. Biz birgina o‘tgan yanvar oyining o‘zida 6000 hujumchi dronlardan himoyalanishga majbur bo‘ldik, bularning hammasi esa «Shahed» dronlari edi”, dedi Volodimir Zelenskiy.
Ukraina prezidentining qo‘shimcha qilishicha, urush davrida u eshitgan eng yomon hisobot havodan mudofaa tizimida hech qanday qurol qolmagani haqida edi.
“Rostini aytsam, urush davrida yetakchi eshitishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsalardan biri bu havo kuchlari qo‘mondonining havo mudofaasi bo‘linmalari bo‘shab qolgani haqidagi hisobotidir. Ular havo raketalarini Rossiya zarbalarini to‘xtatish uchun ishlatishadi. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bir yoki ikki kun ichida yangi ommaviy hujum bo‘lishi mumkin. Ba’zan biz himoya uchun yangi raketalarni hujumdan sal oldin yetkazib berishga muvaffaq bo‘lamiz, ba’zan esa eng so‘nggi, oxirgi daqiqalarda. Men Germaniya, Norvegiya, Niderlandiyaga Yevropada bizga havo mudofaasi tizimlarini berishdagi kuchli yetakchiliklari uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu tizimlar hayotimizni saqlab qolmoqda”, dedi Zelenskiy.
“Erondagi rejim sabab ukrainaliklar qurbon bo‘lmoqda”
Myunxendagi konferensiyada AQShning hozirgi siyosati va Erondagi mavjud rejim eng ko‘p tanqid qilinayotgan ikki mavzu bo‘lmoqda. Ukraina prezidenti ham o‘z chiqishida oyatulloh rejimini yomonlab, aynan Eron berayotgan «Shahed» dronlari sabab minglab ukrainaliklar qurbon bo‘layotganini gapirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yildan yilga bu dronlar mukammallashib bormoqda.
“Bu urush davomida qurollar ularni to‘xtatishga qaratilgan siyosiy qarorlardan tezroq rivojlandi. Eron rejimi Rossiyaga «Shahed» dronlarini berganida, ular oddiy qurol edi. Ularni osongina urib tushirish mumkin edi. Endi esa «Shahed» boshqacha. Uning reaktiv dvigateli bor, u turli balandliklarda ucha oladi. Aytgancha, uni real vaqt rejimida Riodagi operator tomonidan ham boshqarish mumkin va u o‘z nishoniga yetishi uchun Starlinkdan foydalana oladi. Ayni paytda Myunxen va boshqa shaharlar ko‘chalarida odamlar Eronda erkinlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Biz buni ko‘rdik. Ukraina Eron bilan chegaradosh emas va biz Eron rejimi bilan hech qachon manfaatlar to‘qnashuviga duch kelmaganmiz, ammo ular Rossiyaga sotgan Eronning «Shahed» dronlari ayniqsa bizning odamlarimizni, ukrainaliklarni o‘ldirmoqda va infratuzilmamizni vayron qilmoqda. Eron rejimi allaqachon ko‘p zarar yetkazgan va boshqa ko‘plab rejimlarga qaraganda ko‘proq zarar yetkazishi mumkin”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiy o‘z so‘zi davomida Eron xalqi ham ukrainaliklar singari dunyodan madad kutayotganini qo‘shimcha qildi.
“Bugun Eron xalqi dunyodan, biz Ukrainada Rossiya bosqini boshlangan 24 fevral kuni muhtoj bo‘lgan narsani – birlik, qat’iyat va tezlikni kutmoqda. Albatta, tezlik, yordamdagi tezlik. Erondagi kabi rejimlarga vaqt berilmasligi kerak, ularda vaqt bo‘lsa, ular faqat ko‘proq odam o‘ldiradi. Ular darhol to‘xtatilishi kerak”, dedi u.
“Yevropadan 90 mlrd yevrolik yordam va’dasi bor”
Zelenskiyga ko‘ra, Yevropa Ukraina himoyasida mahkam. Ayni dam qurollar ishlab chiqarishdagi yordamdan tashqari 90 mlrd yevrolik va’da ham bor.
“Ukrainada va hamkor mamlakatlarda yuzlab ishlab chiqarish maydonchalari allaqachon ishlamoqda. Va bizda Daniya modeli bor, rahmat, Mette, sizning jamoangiz, sizning odamlaringiz Ukrainada qurol ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqda. Bizda Germaniyada qo‘shma ishlab chiqarish mavjud va u kecha rasman boshlandi, barchaga va Fridrixga rahmat. Va bizda qo‘shma artilleriya tashabbusi mavjud. Biz Shimoliy Yevropa mamlakatlari, Buyuk Britaniya va Fransiya, Niderlandiya, Italiya va Polsha hamda Qo‘shma Shtatlar, Kanada va Turkiya bilan birgalikda ko‘p ishlar qilmoqdamiz. Yaponiyada Bosh vazir, hukumat tufayli muhim o‘zgarishlar bor va biz Yaponiya irodalilar koalitsiyasida biz bilan birga ekanligini qadrlaymiz. Yevropadan, jumladan biz uchun ikki yilga 90 milliard yevrolik kuchli qarorlar mavjud”, dedi Volodimir Zelenskiy.
“Putinning puli bor, puli bo‘lmaganida urush to‘xtardi”
Zelenskiy Myunxendagi chiqishida Putin hali-hanuz moliyaviy barqaror ekanidan nolidi. Uning fikricha, Rossiya prezidenti aynan Yevropaning o‘zida moliyaviy barqarorlik kafolatlariga ega.
“Keling, muammoga ko‘z yummaylik. Rossiyaning hali ham Shimoliy Koreya kabi rejimlari va butun dunyo bo‘ylab sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya qurollari, rus raketalari uchun komponentlar yetkazib beradigan sheriklari bor. Bundan tashqari, Putin hali ham moliyaviy barqarorlik kafolatlariga ega. Bu kafolatlarning katta qismi shu yerda, Yevropada, Yevropa dengizlarida joylashgan. Aytmoqchimanki, Rossiya neft tankerlari hali ham Yevropa qirg‘oqlari bo‘ylab Boltiq dengizida, Shimoliy dengizda va O‘rta yer dengizida erkin harakatlanmoqda. Rossiya hali ham 1000 dan ortiq tankerdan foydalanadi, ularning har biri, aslida, Kreml uchun suzuvchi o‘qlardir. Men yaqinda buni prezident Makron, prezident
fon der Lyayyen va boshqa yetakchilar bilan gaplashdim. Ularga buni tuzatishga tayyorliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz Yevropa qonunchiligini yangilash haqida gaplashdik, toki rus tankerlari nafaqat ushlab turilishi, balki bloklanishi ham mumkin bo‘lsin. Bu barcha tankerlarni bloklash muhim va ularning barchasi musodara qilinishi kerak. Qo‘shma Shtatlar o‘z qirg‘oqlari yaqinidagi soyadagi ro‘yxatdagi tankerlarga qarshi harakat qiladi va bu haqiqatan ham ishlaydi. Bu pullarsiz Putinning bu urush uchun puli bo‘lmas edi. Keling, buni amalga oshiraylik”, dedi Zelenskiy.
“Rossiya har 1 kilometr yerga 156 askarning jonini tikmoqda”
Zelenskiyning urushdagi talafotlar haqida bergan statistik ma’lumotlari sessiyada ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Xususan, Ukraina prezidentiga ko‘ra, Putinning rejimi har bir kilometr ukrain yeri uchun kamida 156 askarning jonini tikmoqda. Kiyev aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, oyida kamida 35 ming rus askarlari halok bo‘ladi va bunga Kreml pinagini ham buzmaydi. Agarda shu raqamni 50 mingga chiqarsak, Putin o‘ylanib qoladi, deydi prezident Zelenskiy.
“Endi men quruqlikdagi urushning narxi haqida gapirmoqchiman. Putin uchun bir oylik urush nimani anglatadi? Faqat dekabr oyida bizning kuchlarimiz 35 000 bosqinchi askarni - o‘ldirgan va og‘ir yaralagan. Yanvar oyida bir nechta rus hujumlari bo‘ldi va natijada Rossiyaning yo‘qotishlari taxminan 30 000 ni tashkil etdi. Hatto Donetsk frontida bosib olingan Ukraina yerining har bir kilometri uchun Rossiya to‘laydigan aniq narx ham bor. Bu eng keskin hududlardan biri va bu haqda hamma biladi. Hozir Rossiya 1 kilometr uchun to‘laydigan narx 156 askarning jonini tashkil etadi. Putin hozir bu haqida qayg‘urmaydi, lekin u qayg‘ura boshlaydigan daraja bor, aminman. Har oy Rossiya taxminan 40 000 kishini, ba’zan biroz ko‘proq 42-43 ming kishini safarbar qiladi. Ularning hammasi ham front chizig‘iga yetib bormaydi, shuning uchun umuman olganda, Ukrainadagi rus kontingentining hajmi bu yil o‘smayapti. Armiyamiz uchun vazifa aniq: ko‘proq rus bosqinchilarini yo‘q qilish, chunki ular bosqinchilar. Va maqsad aniq: oyiga kamida 50 ming. Bu Putinning qarorlariga ta’sir qiladi”, deydi Ukraina rahbari.
“Putin podshoh emas, urushning quli”
Xavfsizlik konferensiyasida Zelenskiy Putin haqida o‘ta qattiq gaplar gapirdi. Ukraina rahbari rus hamkasbini podshoh emas, balki urushning quli, deb atadi. Prezidentga ko‘ra, Putin hozir maslahatni zamonaviy odamlar bilan emas, tarixdagi Pyotr va Yekaterina bilan qiladi.
“Ukraina bu urushni tanlamadi, ukrainaliklar terminatorlar emas, oddiy odamlardir. Bizning odamlarimiz ham halok bo‘lmoqda. Shuning uchun biz bu urushni to‘xtatish va xavfsizlikni kafolatlash uchun hamma narsani qilyapmiz. Lekin muammo shundaki, Putin endi boshqa hech narsa bilan qiziqmaydi. Putin oddiy odamlardek yashamaydi. U ko‘chalarda yurmaydi, uni kafeda ko‘rmaysiz, uning nabiralari o‘z shahrida oddiy bolalar bog‘chasiga bormaydi. U hokimiyatsiz yoki hokimiyatdan keyingi hayotni tasavvur qila olmaydi. Oddiy narsalar uni qiziqtirmaydi. Putin hududiy yutuqlar borasida hozirgi zamon odamlaridan ko‘ra ko‘proq podshoh Pyotr va imperator Yekaterina bilan maslahatlashadi. Putinni urushsiz tasavvur qila olasizmi, ochiq ayting? Hozir uning butun diqqat-eʼtibori Ukrainada va Ukrainada, hech kim uning xalqimizni qo‘yib yuborishiga ishonmaydi, lekin u boshqa Yevropa xalqlarini ham qo‘yib yubormaydi, chunki u urush g‘oyasidan voz kecha olmaydigan inson”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Putin o‘zini podshoh deb bilishi mumkin, lekin aslida u urushning quli. Va agar u yana 10 yil yashasa, bu urush bo‘lishi va qaytishi yoki kengayishi mumkin degani. Prezident nutqi oxirida urushning oldini ololmagani uchun o‘sha paytdagi dunyo rahbarlari va xususan AQShdan nolidi. Rossiyaning hujumi real bo‘lib turgan paytda generallarini Vashingtonga jo‘natganini, biroq amerikaliklar Kiyevga “xandaq qazishni” maslahat berganini eslatdi. O‘shanda minglab rus askarlari chegaramizda edi va biz AQShdan xandaq qazish taklifini olgandik, dedi u.
Shundan so‘ng sessiya muhokama bilan davom etdi.
Mavzuga oid
13:42
Ishinger: Ukrainadagi urushning natijasi Yevropa kelajagini belgilaydi
09:29
Bryansk viloyatining bir qismi dron zarbalaridan keyin elektrsiz qoldi
08:57
Avstriya kansleri Ukraina bo‘yicha YeIning Putin bilan muzokara olib borishini qo‘llab-quvvatladi
08:41