Bakirovga ko‘ra, bunday tashabbusni Markaziy bank ilgari surishi maqsadga muvofiq.

“Kartalarga va kartalarni naqd pul bilan to‘ldirishga bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar nollashtirilishi kerak, hech bo‘lmaganda o‘tish davri uchun. Buni tijorat banklari yoki to‘lov tashkilotlari o‘zlarining ixtiyori bilan qilmaydi, chunki bu yoqda to‘lov tizimlari belgilab qo‘ygan komissiyalar bor-da. Shu yerda regulyator maydonga chiqishi kerak. “O‘rtoqlar, 1 apreldan boshlab naqdsiz hisob-kitobga o‘tyapmiz, kirim bilan bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar bekor bo‘ladi, chiqim bilan bog‘liq komissiyalarni bozor asosida amalga oshiraverasizlar”, degan qandaydir ishorani kutyapman, misol uchun-da.

Agar biz tranzaksion xarajatlar, ya’ni komissiyalarni nazarda tutyapman, tartibga solmasak, teskari effekt beradi. Ma’lum muddat bitimlar amalga oshirilmasligi mumkin. Yoki, avtomobillar bilan ko‘p yuz beradi: oldi-sotdi qilinmaydi-da, ishonchnoma asosida bitim amalga oshiriladi. Teskari effekt beradi, xalq, iste’molchilar baribir yo‘lini topishga harakat qiladi. Vaqti keldi shu choralar haqida o‘ylashga. Regulyatsiya haqida o‘ylashga. Bu regulyatsiya aytganimdek, zanjirni – to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, banklar bilan bog‘liq hamma jarayonlarni qamrab olishi kerak”, – deydi u Kun.uz studiyasidagi suhbatda.

Bank sohasi mutaxassisining qayd etishicha, avtomobil va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazilishi – aslida tijorat banklari uchun imkoniyat.

“Bugun avtomobil yoki uy-joylarning 5 foizi yoki 10 foizi – kredit asosida olinganlari banklar orqali o‘tyapti. Endi tasavvur qiling, yuz foiz o‘tadigan bo‘lsa, karrasiga oshadimi ularning hajmi? Banklar ham o‘z-o‘zidan tushunib yetadiki, endi komissiyalarimni kamaytirsam ham o‘sha daromadni olar ekanman degan narsa paydo bo‘ladi. Buni hali ko‘pchilik tushunib yetgani yo‘q. Banklarning daromadi kamayib qolmasmikan degan xavotir bor. Yo‘q, daromadi kamaymaydi. Sabab – hajm karrasiga oshadi”, – deydi Otabek Bakirov.

“Mana, bugun ilg‘or banklarimizdan biri aksiya sifatida e’lon qilyapti: bizning kartalarimizga naqd pul solsangiz 2 foiz komissiya. Bu aksiya ekan, tushunyapsizmi? Ularning nazarida 2 foiz bilan karta to‘ldirishimiz mumkin ekan deb chopib borishimiz kerak”, – deya qo‘shimcha qiladi u.

“Banklar pulni saqlab qolish uchun jozibador takliflar bera boshlaydi” – Ismoil Turopov