Rossiyadan uzoqlashish, Yevropaga yaqinlashish, Ozarbayjon va Turkiya bilan normallashish – bugun Armaniston tashqi siyosatini belgilab berayotgan asosiy tendensiyalar. 3–5 may kunlari mamlakat poytaxti Yerevan dunyo siyosatining markaziga aylandi. U yerda bir vaqtning o‘zida uchta katta tadbir: Yevropa Ittifoqi – Armaniston sammiti, Yevropa siyosiy hamjamiyati yig‘ilishi va Armaniston-Fransiya sammiti bo‘lib o‘tdi.

Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti 4-may kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Yevropa Ittifoqining 27 a’zosi va yana 21 davlat rahbarlari ishtirok etdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri, Ukraina prezidenti hamda masofadan ishtirok etgan Ozarboyjon va Turkiya yetakchilari shular jumlasidan.

Armaniston–Yevropa Ittifoqi sammiti – bu tarixda shu formatdagi va darajadagi birinchi uchrashuv hisoblanadi. Yevropa Ittifoqini Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen hamda Yevrokengash raisi Antoniu Koshta tamsil qilishdi, Armanistonni esa bosh vazir Nikol Pashinyan.

Shuningdek, Armaniston–Fransiya o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ham bir kun ajratildi, bu ikki davlat o‘rtasida alohida sammit bo‘lib o‘tti. Unda Fransiya prezidenti Makron Armanistonning geosiyosiy mustaqilligiga alohida to‘xtalib, Rossiyaning ishonchsiz va xavotirli xamkor ekanini urg‘ulab o‘tdi.

Xo‘sh, Yerevandagi bu tadbirlar Kavkaz mintaqasi uchun, global geosiyosiy vaziyat uchun, jumladan, O‘zbekiston va turkiy dunyo munosabatlari uchun qandaydir ahamiyatga egami, agar ega bo‘lsa, qanday ahamiyat kasb etadi?

Yerevandagi bu tadbirlarni, bir so‘z bilan “global o‘zgarishlar davridagi katta va muhim voqea” deb atash mumkin.

Post-sovet hududidagi geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgarmoqda. Birinchidan, Armaniston – haliga qadar rasman Yevrosiyo Ittifoqi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti a’zosi. Bu ikkala tashkilot ham Rossiya Federatsiyasining strategik loyihalari hisoblanadi. Qolaversa, haliga qadar Kavkaz mamlakatlaridan faqat Armanistonda RFning yirik harbiy bazasi mavjud (Gumri shahrida). Armaniston KXShTdagi faoliyatini to‘xtatgan, lekin rasman bu tashkilotdan chiqqani yo‘q. Qolaversa, Yevrosiyo Ittifoqining a’zosi sifatida Rossiyadan arzon gaz va neft oladi, RF Armanistonning eng muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Ayni paytda, rasmiy Moskva uchun, bugungi YeI – eng asosiy dushman sifatida ko‘riladi. AQSh hokimiyatiga Tramp kelgach, Rossiya bilan urushayotgan Ukrainaga yordam berish missiyasini YeI o‘ziga oldi. YeI bugun o‘zi uchun eng birinchi tahdid deb RFni ko‘radi. Mana shu fonda, KXShT va Yevrosiyo Ittifoqi a’zosi hisoblanmish Armanistonda Yevropa Ittifoqining yirik sammiti o‘tayotgani – Yerevanning Rossiyadan uzoqlashayotganini ifodalaydi.