Hamas bosh muzokarachisi Xalil al-Hayyaning o‘g‘li Azzam al-Hayya chorshanba oqshomida Isroil hujumiga uchradi. Reuters nashrining Hamas rasmiylariga tayanib yozishicha, Azzam al Hayya payshanbaga o‘tib, olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
G‘azoda yuzlab falastinliklar Hayyaning o‘g‘lini dafn etish marosimiga yig‘ildi va uni so‘nggi yo‘lga kuzatdi. Isroil harbiylari ushbu hujumlarga izoh bermadi.
Guruhning G‘azodagi vakili Hazim Qosimning Reutersʼga aytishicha, Hamas rahbari o‘g‘lining o‘ldirilishi – Isroilning muzokaralar guruhiga ta’sir o‘tkazish va siyosiy yon berishlarga erishish yo‘lidagi muvaffaqiyatsiz urinishidir.

«Biz aytamizki, rahbarlarni va ularning o‘g‘illarini nishonga olish bo‘yicha bu takrorlanadigan siyosat – na Falastin xalqidan, na Hamas rahbariyatidan, na uning muzokaralar delegatsiyasidan siyosiy pozitsiyani tovlamachilik bilan tortib olishga erisha olmaydi», dedi Qosim.
Hayyaning o‘ldirilgan o‘g‘illari
Azzam – Hamas surgundagi rahbarining Isroil hujumlarida halok bo‘lgan to‘rtinchi o‘g‘li bo‘ldi. Yetti farzandning otasi bo‘lgan Hayyaning o‘zi ham Isroil tomonidan amalga oshirilgan bir necha suiqasdlardan omon qolgan.
O‘tgan yili Dohada Hamas rahbariyatiga qaratilgan Isroil zarbasi natijasida Hayyaning yana bir o‘g‘li halok bo‘lgan, uning o‘zi tirik qolgandi. Hayyaning yana ikki o‘g‘li 2008 va 2014 yillarda G‘azoda suiqasdlar natijasida o‘ldirilgan.

O‘g‘lining o‘limi e’lon qilinishidan oldin Al-Jazeera'ga intervyu bergan Hayya Isroilni – Donald Trampning G‘azo bo‘yicha rejasiga putur yetkazishda ayblagandi. Uning fikricha, Isroil Trampning «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi organi nazoratidagi loyiha vositachilariga xalaqit qilmoqda.








