Bugun dunyoning sanoqli davlatlari qit’alararo raketaga ega. Ular safiga so‘nggi yillarda harbiy salohiyatini ancha oshirgan Turkiya ham qo‘shilmoqda. Bundan bir necha kun oldin Istanbulda bo‘lib o‘tgan xalqaro mudofaa, aviatsiya va kosmik sanoat ko‘rgazmasida Turkiya Milliy mudofaa vazirligi “Yildirimhan” qit’alararo raketasini taqdim etdi.

Xo‘sh, birinchi qit’alararo ballistik raketa qayerda tayyorlangan va hozirgi paytda qaysi davlatlar unga egalik qiladi. Qo‘yida shu haqda gaplashamiz.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyoning turli hududlarini nazoratga olish bo‘yicha AQSh va SSSR o‘rtasida keskin raqobat boshlandi.

Tomonlarning qurolli aralashuvi ortidan Xitoy, Koreya yarimoroli, Hindixitoyda fuqarolar urushi bo‘lib o‘tdi. Kubada kommunistik tuzum tarafdorlari tomonidan davlat to‘ntarishi amalga oshirildi.

Ana shunday mojarolar fonida AQSh va SSSR qurollanishga ham zo‘r berdi va yangi qurollar ixtiro qildi. Uzoq masofaga ucha oladigan raketalar tayyorlandi.

Avvaliga 500-1 000 km uzoqlikka uchadigan raketalar, so‘ng 5 000 km masofagacha uchib bora oladigan qurilmalar yaratildi. 1950-yillarning birinchi yarmida 5 000 kilometrdan ham uzoqqa ucha oladigan raketalar tayyorlash ustida ishlar boshlandi.

Aslida bunday raketalar loyihasini nemis konstruktori Verner fon Braun 1942 yilda boshlagandi. Biroq Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyati unga ishni oxirigacha yetkazish imkonini bermaydi.

alamy.com

1945 yilda fon Braun o‘z jamoasi bilan AQSh harbiylariga asir tushadi. Uning salohiyatini yaxshi bilgan amerikaliklar o‘sha yili kuzda uni okean ortiga yuborishadi.

Fon Braun AQShda qit’alararo raketalar tayyorlash loyihalarida ishtirok etadi va 1955 yilda unga fuqarolik beriladi. 1960 yilda fon Braun NASAʼga ishga o‘tadi. Ungacha konstruktor bir nechta qit’lararo raketalar loyihasini tayyorlab beradi.

Birinchi qit’alararo raketa qayerda tayyorlangan?