Samarqandda 2,5 yashar bog‘cha tarbiyalanuvchisi muassasa hududidan chiqib ketgan. Bu paytda bog‘cha darvozasi ochiq, qo‘shni maktab atrofidagi to‘siq buzilgan, aksiga olib suv havzasi atrofidagi temir panjara esa to‘liq emasdi. Shu tariqa falokatning oldini olishi mumkin bo‘lgan bir nechta xavfsizlik halqalari bir vaqtning o‘zida ishlamay qoldi.

Natijada «Yulduzcha» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Muhammadali qo‘shni maktab hovlisidagi suv havzasiga tushib ketib, halok bo‘ldi.

Fojia 2026 yil 5 iyun kuni Payariq tumanida sodir bo‘lgan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, bolaning yaqinlari, muassasa mas’ullari va mutasaddilar bilan suhbatlashdi.

Muhammadalining buvisi Zebiniso Niyatovaning aytishicha, unga nabirasi suvga tushib ketgani haqida xabar berishgan. Muhammadali oiladagi uchinchi nabira bo‘lib, aka-ukalari ham shu bog‘chaga qatnagan.

Bola yo‘qolib qolgani ma’lum bo‘lgach, tarbiyachilar ham uni izlashga chiqqan. Ammo fojia allaqachon sodir bo‘lgandi.

Buvining aytishicha, Muhammadalining akasi u qanday holatda topilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

«Nabiram hali tirik bo‘lgan...»

Bolaning ona tomondan buvisi Feruza Mahramova voqeaning yana bir jihatiga e’tibor qaratdi. U voqea guvohlariga tayanib aytishicha, Muhammadali suvdan chiqarilgan vaqtda hali hayot alomatlari bo‘lgan.

«Birinchi yordam vaqtida ko‘rsatilganda vaziyat boshqacha bo‘larmidi?» - deydi Mahramova.

Fojia oila uchun yana bir jihatdan og‘ir kechgan. Muhammadali halok bo‘lganidan bir kun o‘tib, uning onasi navbatdagi farzandini dunyoga keltirgan.