Fiskal tahlillar instituti 30 iyul kuni ötkazilgan Fiskal muloqotda Özbekistonda uglerod soliğini bosqiçma-bosqiç joriy etiş taklifini ilgari surdi.

Institutning Yaşirin iqtisodiyot, soliq va bojxona ma’murçiligini tahlil qiliş boşqarmasi boş mutaxassisi Fazliddin Şamsiyevning aytişiça, yangi soliq faqat yirik sanoat korxonalari, ya’ni katta hajmda issiqxona gazlari va boşqa zararli çiqindilar çiqaradigan sub’yektlarga nisbatan qöllanadi.

Taklifga köra, soliq bazasi korxonalarning atmosferaga çiqarayotgan emissiyalari hajmi yoki uglerod çiqindisini yuzaga keltiruvçi yoqilği iste’moli asosida belgilanadi.

Şamsiyevning ta’kidlaşiça, dastlab eng yirik emissiya manbalari soliqqa tortiladi, keyinçalik esa tizimning qamrovi bosqiçma-bosqiç kengaytiriladi.

Institut rejasiga köra, 2027 yil - tayyorgarlik bosqiçi, issiqxona gazlari inventarizatsiyasini ötkaziş, soliq bazasi va stavkalarini işlab çiqiş; 2028 yildan uglerod soliğini joriy etiş; 2029–2030 yillarda qamrov va stavkalarni bosqiçma-bosqiç kengaytiriş nazarda tutilmoqda.

“Faqat soliq bilan çeklanib qolmaslik kerak”

Muhokama davomida soliq maslahatçisi Murod Muhammadjonov uglerod soliği joriy etilişida ayrim xavflarga e’tibor qaratdi.

Uning fikriça, yangi tizim “çiqindini çiqaraveriş mumkin, faqat soliğini tölaş kerak” degan yondaşuvni şakllantirmasligi kerak.

Muhammadjonovning aytişiça, ayniqsa issiqxona xöjaliklari orasida zararli çiqindilarni kamaytiruvçi filtrlar örnatiş masalasi kötarilmoqda, biroq Özbekistonda bu boradagi texnik standartlar yetarli darajada şakllanmagan.

“Dunyoda gaz çiqindilarini filtrlaş böyiça bir neça standartlar mavjud. Özbekiston esa hozirça ularning birortasini töliq qabul qilmagan. 99 foiz tejamkorlik bölişi kerak degan talab bor, ammo bu qaysi mezon asosida belgilanişi aniq emas”, - dedi u.

Mutaxassisning fikriça, yangi soliq tizimi işlab çiqilayotganda korxonalarning zamonaviy filtrlaş uskunalari örnatişi ham rağbatlantirilişi lozim.

Muhammadjonov issiqxona xöjaliklari yetiştirayotgan mahsulotlarning katta qismi eksport qilinişini eslatib, ekologik standartlar masalasi xalqaro bozorlarda raqobatbardoşlikka ham ta’sir körsatişini ta’kidladi.

Sönggi yillarda Özbekistonda issiqxona maydonlarini kengaytiriş böyiça yirik loyihalar amalga oşirilmoqda. Jumladan, ayrim hududlarda ming gektarlab yangi issiqxonalar taşkil etiş rejalari e’lon qilingan.