Cho‘lponotada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda shakllanayotgan yangi siyosiy muhitning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ittifoqchi davlatlar maqomini olishi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon o‘rtasidagi muloqotning tobora faollashayotgani mintaqaviy hamkorlikning yangi formatini shakllantiryapti.
- Qirg‘izistonda ikki tomonlama muzokaralar hamda Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakchilarining norasmiy uchrashuvi qanday o‘tdi?
Kamoliddin Rabbimov: Qirg‘izistonda mintaqa uchun muhim ahamiyatga ega uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Dastlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi, ikkinchi tomondan esa Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarboyjon yetakchilarining norasmiy uchrashuvi tashkil etildi.
E’tiborli jihati shundaki, Markaziy Osiyo va Ozarboyjon formatining shakllanishi o‘tgan yildan boshlandi. Aynan o‘sha davrda O‘zbekiston prezidenti tomonidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” g‘oyasi ilgari surildi. Shuningdek, Ozarboyjon Markaziy Osiyo davlatlari maslahatlashuv formatiga rasman qo‘shildi va natijada “Markaziy Osiyo + Ozarboyjon” muloqot maydoni yuzaga keldi.
Bu safargi uchrashuvning eng muhim natijasi shundaki, O‘zbekiston va Qirg‘iziston ittifoqchi davlatlar maqomiga ko‘tarildi. Shu tariqa, Qirg‘iziston O‘zbekistonning beshinchi ittifoqchi davlatiga aylandi.
Bu jarayon O‘zbekiston tashqi siyosatidagi muhim evolyutsiyani ko‘rsatadi. Islom Karimov davrida O‘zbekiston faqat bitta davlat – Rossiya bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatgan edi. Ushbu kelishuv 2005-yilda, murakkab ichki va xalqaro vaziyat fonida shakllangan bo‘lib, o‘sha davrdagi geosiyosiy bosimlarni yumshatishga qaratilgan edi. Shundan keyin Karimov boshqa davlatlar bilan ittifoqchilik munosabatlariga kirishgani yo‘q Hozirgi bosqichda esa mutlaqo boshqa yondashuv kuzatilmoqda.
2022-yil dekabr oyida Qozog‘iston, 2024-yilda Tojikiston va Ozarboyjon bilan, endilikda esa Qirg‘iziston bilan ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy integratsiyani tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirayotganini anglatadi. Geografik nuqtayi nazardan ham bu muhim jarayon. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar, shuningdek, Afg‘oniston bilan chegaradosh. Bugungi kunga kelib, qo‘shni davlatlardan faqat Turkmaniston va Afg‘oniston bilan ittifoqchilik munosabatlari mavjud emas.
Turkmanistonning pozitsiyasi tushunarli. Mamlakat tashqi siyosatining asosiy tamoyili doimiy betaraflik hisoblanadi. Shu sababli Ashxobod mintaqaviy integratsiya tashabbuslarida ehtiyotkorlik bilan qatnashadi va siyosiy majburiyatlarni kuchaytiradigan formatlardan chetda turishga harakat qiladi. Qirg‘izistondagi uchrashuvlarning ayrim bosqichlarida Turkmaniston vakillarining ishtirok etmagani ham aynan shu siyosat bilan izohlanadi.
Ittifoqchilik munosabatlari davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning eng yuqori darajasi hisoblanadi. Uning mazmuni imzolangan hujjatlar va tomonlarning siyosiy irodasi bilan belgilanadi. Bunday munosabatlar yuqori darajadagi ishonchni, muntazam siyosiy muloqotni va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarni tezkor hamda tinch yo‘l bilan hal etish majburiyatini anglatadi. Ya’ni ittifoqchilik nafaqat huquq, balki o‘zaro mas’uliyat hamdir.
Agar bugungi vaziyatni 2010-yillar bilan qiyoslasak, o‘zgarishlar nihoyatda katta ekanini ko‘ramiz. O‘sha davrda chegaralar yopiq, o‘zaro qatnov murakkab edi. Bugun esa fuqarolar ID-karta orqali Qirg‘izistonga bemalol borishi mumkin. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi ishonch va yaqinlashuv mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Umuman olganda, Qirg‘iziston bilan ittifoqchilik munosabatlarining o‘rnatilishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda alyanslar va strategik sherikliklar orqali yangi geosiyosiy yondashuvni shakllantirayotganini ko‘rsatadi. Bu – mintaqa davlatlarining o‘zaro birdamligini mustahkamlash, tashqi geosiyosiy bosim va tahdidlarga nisbatan yanada uyg‘un pozitsiyani shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri.
Anvar Yo‘ldoshev: O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara o‘tish punktlari soni avvalgi 15 tadan 30 taga yetkaziladigan bo‘ldi. Ta’kidlash kerakki, ittifoqchilik munosabatlarining haqiqiy samarasi nafaqat rasmiy hujjatlar yoki siyosiy bayonotlarda, balki oddiy fuqarolar hayotida ham yaqqol namoyon bo‘lishi kerak. Odamlar chegaradan erkinroq o‘tishi, o‘zaro qatnov, savdo, turizm va iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashishi lozim. Agar bu o‘zgarishlarni aholi kundalik hayotida his qilmasa, eng yirik siyosiy kelishuvlar ham kutilgan natijani bermaydi.
Mening fikrimcha, aynan shu bosqichdan boshlab fuqarolar ittifoqchilikning amaliy samarasini tobora ko‘proq his qila boshlaydi. Xususan, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘pincha “Markaziy Osiyo Shveytsariyasi” deb ataladi. Ilgari u yerga borish ayrim byurokratik va tashkiliy cheklovlar sabab murakkabroq edi. Endilikda esa chegaralarning yanada ochiqlashuvi va o‘tish tartib-taomillarining soddalashuvi tufayli ikki mamlakat fuqarolarining o‘zaro qatnovi ancha qulaylashishi kutilmoqda.
Suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.










