Bugun, 18-avgust kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi. Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, bu yil bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi.

Ularning 52,8 ming nafari - davlat granti, 156,3 ming nafari - to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Belgilangan imtiyozlar asosida alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida yana 20,5 ming nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan.

Bu yil davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil qildi. Taqqoslash uchun 2025/2026 o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan. Bir yilda grant bo‘yicha o‘rtacha o‘tish balli 12,8 ballga, kontrakt bo‘yicha esa 8,8 ballga oshgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda abituriyentlar eng ko‘p tanlagan oliy ta’lim muassasalari qatorida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti yetakchilik qilgan. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha esa eng yuqori qiziqish:

  • «Davolash ishi»;

  • «Iqtisodiyot»;

  • «Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili» yo‘nalishlariga kuzatilgan.