2026/27 o‘quv yili uchun davlat oliygohlari bakalavriatiga hujjat topshirgan abituriyentlarning 233 935 nafari minimum o‘tish balli – 56,7 balldan past natija ko‘rsatdi.

Bu – jami abituriyentlarning 37,54 foizini tashkil etadi. Bu haqda oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov ma’lum qildi.

O‘qishga kirish uchun talab etiladigan minimum ball (maksimal ballning 30 foizi) – 56,8 balldan kam to‘plagan abituriyentlar ulushi so‘nggi yillarda pasayib bormoqda:

  • 2023/24 o‘quv yilida 46 foiz;
  • 2024/25 o‘quv yilida 43 foiz;
  • 2025/26 o‘quv yilida 41 foiz;
  • 2026/27 o‘quv yilida 37,54 foiz.

Sardor Rajabov bu holat abituriyentlarning bilim darajasi va test natijalari yaxshilanib borayotganidan dalolat berishini aytdi. Ammo so‘nggi yillarda umuman abituriyentlar soni ham kamayib borayotganini ta’kidlash lozim.

Joriy o‘quv yilida 677,9 ming nafar abituriyent davlat oliygohlari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2024-yilgacha 1 milliondan ortiq edi:

  • 2019-yil – 1 066 925 nafar;
  • 2020-yil 1 484 085 nafar;
  • 2021-yil 948 211 nafar;
  • 2022-yil 1 214 232 nafar;
  • 2023-yil 1 018 007 nafar;
  • 2024-yil 894 279 nafar;
  • 2025-yil 732 411 nafar.

Shunday qilib, 2026-yilda o‘qishga topshirganlar soni 2023-yildagiga nisbatan qariyb 340 ming nafarga yoki 33 foizga kam. Abituriyenlar soni qisqarishiga sirtqi ta’limga qabulning to‘xtatilishi ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Maktabni joriy yilda bitirgan yoshlar o‘rtasida 56,7 balldan past to‘plash holatlari dinamikasi yuzasidan hozircha ma’lumotlar yo‘q.

Qayd etish lozim, joriy yilda davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etdi. O‘tgan o‘quv yilida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.