Xorazm viloyati Urganch shahri “Navro‘z” mahallasida fuqaro hech qanday hujjatlarsiz 98 metr uzunlikda poydevor quyib, devor tiklagan. Shahar hokimligi bu noqonuniy qurilma masalasini qariyb 6 oydan beri paysalga solyapti.
Yer maydoni Shifokorlar ko‘chasida joylashgan Pulmonologiya markazi oldida joylashgan. Xorazm viloyati Qurilish bosh boshqarmasining Urganch shahar qurilish bo‘limi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu hudud o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va qurilish ishlari ham noqonuniy.

Aniqlanishicha, Urganch tumani Chakkasholikor qishlog‘ida yashovchi fuqaro Z.R. bu hududning 98 metr yer maydonini hech qanday hujjatlarsiz, ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab olib, poydevor qilgan va devor tiklagan.
Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

Qurilish bo‘limi 2021 yil 30 iyun kuni fuqaroga qurilishni to‘xtatish haqida ogohlantirish xati bergan.
Shuningdek, Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan bu qurilmani buzib tashlashda Urganch tumanlararo sudiga ishni qonun doirasida ko‘rib chiqish uchun da’vo arizasi bilan murojaat qilishda amaliy yordam so‘ralib, Urganch shahar hokimligiga 2021 yil 30 iyun kuni xabarnoma yuborilgan.
Google Earth dasturi orqali joyning avvalgi holati tekshirilganda yashil hudud ekanini, daraxtlar borligini ko‘rish mumkin. Bu daraxtlarni kim kesib tashlagani, ruxsat olingan yoki yo‘qligi ham noma’lum.


Urganch shahar hokimligi bergan izohga ko‘ra, noqonuniy qurilma bo‘yicha to‘plangan hujjatlar asosida sudga da’vo arizasi kiritish choralari ko‘rilmoqda. Biroq, bu ish qariyb 6 oy davomida qilinmagani va paysalga solingani ajablanarli.








