Toshkent—Sharja reysi bilan futbol bo‘yicha JCh saralashi doirasidagi BAA–O‘zbekiston o‘yinini tomosha qilish uchun 2 iyun kuni amirlikka uchib kelgan yuzlab o‘zbekistonliklar Sharja aeroportida ushlab turilibdi. Bu haqda BAAga kiritilmay turgan O‘zbekiston OAV vakillari va blogerlar yozmoqda.

Sharja aeroportida bo‘lib turgan Gazeta.uz muxbirining xabar berishicha, dastlab ayollar va yoshi katta insonlarni o‘tkazishgan, qolgan erkaklardan qo‘shimcha hujjatlar so‘rashgan.

«Qolgan erkak va yigitlardan birinchi marta kelayotgani uchun anketa to‘ldirish, mehmonxona band qilgani haqida hujjat va qaytish biletlari nusxasi so‘raldi. Barchaning hujjatlari olib borilganda, ulardan nusxa ko‘chirib, shu bilan barcha hujjatlarni olib kirib ketishdi va qaytib chiqishmadi. Sharja vaqti bilan 06:05 da qo‘ngan bo‘lsak, hozir 11:05. Aytarli gap yo‘q. Nima uchunligi va qachon qanday javob berilishi umuman noma’lum», — deya ta’kidlagan jurnalist.

Foto: Gazeta.uz

Ijtimoiy tarmoqdagi yana bor foydalanuvchi O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari olib qo‘yilganini va majburiy kutishayotganini yozgan.

«Sharja aeroportida bizni chiqarmay ushlab o‘tirishibdi. 5-soat ketyapti. Sababini so‘rasak, prosto … kutishimizni aytishdi. 100 kishi, nega, qachon chiqamiz, bilmaymiz. Bilganimda, kelmasdim lekin rosti. Darvoqe, pasportlar olib qo‘yilgan, faqat o‘zbek pasporti borlarniki», deydi Sherzod Rajabov ismli O‘zbekiston fuqarosi.

Toshkent vaqti bilan 14:30larda O‘zbekiston fuqarolari aeroportdan o‘tkazib yuborilgani aytildi. Ularning qanchasi o‘tkazilgani ma’lum emas.

Ma’lum bo‘lishicha, BAAga o‘zbeklarning kiritilmasligi holati kecha, 1 iyun kuni ham sodir bo‘lgan. Xususan, jurnalist Nodirxo‘ja Yo‘ldoshev 1 iyun kungi reys bilan BAAga borgan o‘zbekistonlik jurnalistlar ham 8 soatga yaqin aeroportda ushlab turilganini yozgan.