Shu kunlarda shahar ancha gavjum, bekatlar atrofida to‘p-to‘p bo‘lib turgan yigit-qizlarni ko‘rib, ko‘nglingizda havas uyg‘onadi. Bugun OTMlarga qabul qilish jarayonida ko‘plab yengilliklar bo‘layotganligini, jumladan, abituriyentlar faqat hujjatlarning aslini ko‘rsatib ro‘yxatdan o‘tishi va albatta, o‘zi bilan hujjatlarni qaytarib olib ketishi haqida o‘qiyapmiz, eshitayapmiz. Endi bir dunyo hujjat ko‘tarib poytaxtga bormasligingiz, ortiqcha sarf-xarajat, yotoqxona tashvishi, u eshikdan, bu eshikka yugur-yugurlarga chek qo‘yilishi haqida va'da qilishgan edi.

Xo‘sh, Jizzax shahrida bu borada ishlar qanday? Vaziyatni kuzatish maqsadida dastlab Jizzax shahridagi davlat xizmatlari agentligiga bordik.

Davlat xizmatlari agentligining shahar bo‘limida uzundan-uzun navbatga turganlarni uchratmadik.

«Har bir xodim hujjatlarini topshirishga kelgan abiturentlarga imkoniyat darajasida sifatli xizmat ko‘rsatishga xarakat qilishyapti. 8 iyul sanasigacha 50 nafar abituriyentning hujjatlari qabul qilindi. Aytarli muammolarga duch kelganimiz yo‘q. Xabaringiz bor, beshta oliy o‘quv yurtida hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni Davlat xizmatlari markaziga ham berilgan. To‘lov kvitansiyasi borasida ham muammolar bo‘lmadi hisob», — deydi markaz bosh mutaxassisi Jasur Uzoqov.

Jizzax Politexnika institutiga 2019–2020 yili o‘quv yili uchun bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha umumiy kvotasi 1395 nafar etib belgilangan. Ulardan 342 nafari davlat grantlari bo‘yicha, 1053 nafari esa to‘lov kontrakt asosida qabul qilinadi. Oliygoh darvozasi yonida turgan yoshlarimizni suhbatga tortamiz.

«Yengillik deysiz, o‘tgan yilgidek topshirganimiz yaxshi edi. Qayerdan chiqdi shu to‘lov? Sahardan beri ovoramiz. Shaharning u boshidan bu boshiga borib kelishga to‘g‘ri kelyapti. To‘lov kvitansiyasini ko‘rsatmasak, ro‘yxatdan o‘ta olmaymiz. Baza ishlamayotganmish. Qabul komissiyasiga yo‘llay olmaysiz. 600-navbatdaman, bugun ro‘yxatdan o‘tishim dargumon. Arnasoy tumanidan kelganmiz. Ertaga kelamiz-da endi, avval shu to‘lovini hal qilaylik. Bankka borsak, institutga bor deydi, institutda baza ishlamayapti, deydi. Undan ko‘ra, shu yerda bank shoxobchalarini tashkil qilishsa bo‘lmaydimi? Kunning issig‘ida yo‘lkira qilib, taksiga chiqib, to‘lov uchun joy izlab yuribmiz. Yo‘lkira haqini shu banklarga xizmat uchun bersak bo‘lmaydimi? Mana hozir ham ichkariga kirsangiz — navbatni ko‘rib, hushingiz boshingizdan uchadi. Endi DXAga boringlar deyishdi, o‘sha yerda to‘lovni amalga oshirish mumkin ekan? Ishimiz bitsa kelamiz, bo‘lmasa ertaga qoladi. Baza ishlasa ishimiz ham tez bitarmidi? Vaqt kam qoldi axir», — deydi S.Damirova.