Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazini qurish va rekonstruksiya qilish bilan shug‘ullangan «Jizzax Real qurilish ta'mir» korxonasining 9 milliard so‘mga yaqin haqi Yoshlar ittifoqi tomonidan 1,5 yildan beri to‘lab berilmayapti.
Kun.uz bu haqda may va noyabr oylarida tanqidiy maqolalar e'lon qilgan edi. Yoshlar ittifoqi masala hal etilishini ta'kidlab bayonot bergan.
Ayni paytda, undiruvdan umidi so‘nayotgan tadbirkor Shuhrat Sotvoldiyev tahririyatga yo‘llagan xatida joriy yil 15 dekabr kuni Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e'lon qilmoqchi ekanini ma'lum qildi.
Maktub Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi Akmal Jumaboyevga, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga, Milliy teleradiokompaniyaga hamda O‘zbekistondagi yirik internet nashrlari va blogerlarga ham yuborilgan.

«Men muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i va Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tasdiqlagan hujjatga ishonib, Yoshlar ittifoqi uchun Jizzax viloyatida 14 mlrd 343 mln so‘mlik binoni deyarli yonimdan qurdim. Shundan salkam 9 mlrd so‘mini hali olganim yo‘q. Yoshlar ittifoqining rahbarlari meni bir yarim yildan beri sarson qilib, adoyi tamom qildi. Bor-budimdan ayrilish arafasida turibman. O‘zimni o‘zim o‘ldirish darajasiga yetib keldim.
Shu yil 15 dekabr kuni tongda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e'lon qilaman. Ittifoq pulimni so‘nggi tiyinigacha bermagunicha ovqat ham yemayman, suv ham ichmayman. Mening ortimda turgan 300dan oshiq oilalar haqi-hurmati bu nohaqliklardan o‘limga ham tayyorman.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari, blogerlar, Sizlardan iltimos!
Meni aldab har kuyga solib kelayotgan Yoshlar ittifoqi rahbarlarining qilmishlarini hamma ko‘rib qo‘yishi uchun ushbu jarayonni yoritsangizlar, toki aholining 60 foizini tashkil etuvchi yoshlar firibgarlar va birovning haqidan qo‘rqmaydigan shaxslar ortidan ergashayotganini bilib qo‘yishsin!
Hurmatli Bosh prokuror Nig‘matilla To‘lqinovich!









