O‘zbekiston | 14:23 / 28.06.2021
79027
5 daqiqa o‘qiladi

Ehtiyotkorona karantin. O‘zbekistonda bugundan yangi cheklov choralari kuchga kirdi

O‘tgan hafta oxirida e'lon qilingan maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi cheklov choralari joriy etildi. Unga ko‘ra, 28 iyundan poytaxt Toshkent shahriga kirishda cheklovlar o‘rnatilgan, butun respublika bo‘ylab ham karantin choralari kuchaytirildi.

25 iyun kuni O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat og‘irlashishi ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifiga asosan Respublika maxsus komissiyasi qarorlari bilan joriy etilgan tartib va cheklovlarga qo‘shimchalar kiritilgandi:

  • 28 iyundan 12 iyulga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi;
  • 28 iyundan respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obektlar – restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obektlari – kafe, oshxona, choyxonalar ishlashiga soat 8:00dan 20:00gacha ruxsat beriladi;
  • ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish obektlarida tashrif buyuruvchilarga ushbu muassasalar umumiy sig‘imining 50 foizidan qat'iy oshirmagan holda xizmat ko‘rsatish belgilandi.

SSV Toshkentga kirish bo‘yicha cheklovlar kimlarga tatbiq etilmasligi bo‘yicha aniqlik kiritgan.

Ushbu cheklov quyidagi holatlarga tatbiq etilmasligi belgilandi:

  • Toshkent shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga;
  • Toshkent shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) chet el fuqarolariga;
  • davolanish uchun tashrif buyurayotgan shaxslarga;
  • Toshkent shahrida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hududlardan keluvchi shaxslarga (ish joyi to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjat bo‘lgan taqdirda);
  • Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketuvchi shaxslarga (aviachipta bo‘lgan taqdirda);
  • O‘zbekiston Respublikasiga turist bo‘lib kelgan chet el fuqarolariga va ularni olib kelayotgan avtotransport vositasining haydovchisi hamda agar guruhli jamoa bo‘lsa, tarjimon yoki turistik firma vakiliga;
  • barcha turdagi yuk tashish, shuningdek, qurilish materiallari (qum, shag‘al va boshqalar) bilan bog‘liq hollarga, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini har qanday avtotransport vositalarida hamda «O‘zbekiston pochtasi» AJning pochta jo‘natmalarini tashish bilan bog‘liq hollarga;
  • sog‘liqni saqlash tizimi va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga.

28 iyun kunidan bu choralar kuchga kirdi. Ammo shu vaqtda OAVda Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan kirish bo‘yicha o‘rnatilgan cheklov tez orada o‘zgartirilishi kutilayotgani haqida xabar tarqaldi.

Ichki ishlar vazirligi bu ma'lumotlarni rad etdi.

«O‘zbekiston Respublikasi Maxsus komissiyasining Toshkent shahriga kirish-chiqish bo‘yicha rasmiy cheklovlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar faqatgina rasmiy manbalar orqali e'lon qilinadi.

Rasmiy bo‘lmagan ma'lumotlarni tarqatmasligingizni so‘raymiz», deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, Transport vazirligining aniqlik kiritishicha, Toshkent shahriga qo‘shni hududlardan samolyot va temir yo‘l orqali kelishga cheklov o‘rnatilmagan.

Koronavirus infeksiyasi tarqalish holatining hududlar kesimidagi tahlili, kasallik aniqlangan bemorlarning sog‘ayish dinamikasi holatidan kelib chiqib, hududlarni «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratish tartibiga muvofiq, Toshkent shahri «qizil» toifadagi hududga, Samarqand va Toshkent viloyatlari «sariq» toifadagi hududlarga kirishi belgilangan.

O‘zbekiston masjidlarida kunlik va juma namozlarini ochiq havoda tashkil etish tavsiya etilgan.

  • kunlik va juma namozlarini faqat masjidning ochiq havodagi maydonlari (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi, masjidga tutash ichki ko‘chalar)da tibbiy niqobda va oraliq masofani saqlagan holda tashkil etish;
  • 65 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslarga ular tomonidan diniy tadbirlarni imkon qadar uy sharoitida amalga oshirish;
  • Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarda ham jamoaviy ibodatlarni yuqoridagi tartiblar asosida amalga oshirish tavsiya etildi.

23 iyun kuni ham O‘zbekistonda koronavirus tarqalishiga qarshi yangi choralar joriy etilishi haqida e'lon qilingandi. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, yo‘nalishli avtobus haydovchilari va metro kuzatuvchilari niqobsiz bo‘lgan shaxslarni transport vositalari saloniga chiqarmaslik choralarini ko‘rishi belgilangan. Shuningdek, endi sanatoriy, pansionat va bolalar oromgohlariga borish uchun PsR-test tahlilining manfiy natija qayd etilgan ma'lumotnomasi talab etiladi.

Mavzuga oid