O‘zbekiston | 14:12 / 07.06.2022
24100
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik sayyoh O‘zbekistonga dron olib kirgani uchun sudlandi

Bojxonachilar sayyohda dron borligini ko‘rishgani, biroq uni o‘tkazib yuborishgani aytilmoqda. Oradan ikki kun o‘tgach, u mamlakat hududiga qonunga xilof ravishda uchuvchisiz uchadigan apparatni olib kirishda ayblanib qo‘lga olingan; jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, so‘roq qilingan. U sudda oqlandi, biroq droni musodara qilindi.

Foto: Polina Yermakova

Rossiyalik sayyoh Polina Yermakova Instagram'dagi sahifasida mamlakat hududiga dron olib kirgani uchun 17 may kuni hibsga olinganini ma’lum qildi. Qizig‘i, bu vaqtda uning O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganiga ikki kun bo‘lgandi. Rossiya fuqarosining aytishicha, bojxona xodimi kvadrokopterni olib kirishga e’tiroz bildirmagan.

Gazeta.uz Polina Yermakova bilan bog‘lanib, hodisa tafsilotlariga aniqlik kiritgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol dastlab Qirg‘izistonda sayohat qilgan, 15 may kuni esa u yerdan O‘zbekistonga o‘tgan.

“Chegarada juda qiziq holat sodir bo‘ldi. Chegaradan o‘tayotganimda men pasportimni berdim, mamlakatga kirganlik to‘g‘risida muhrni bosib berishdi. Shundan so‘ng, siz metal izlovchi uskunadan o‘tasiz, u yerda sizning sumkangiz tekshiriladi va unda nima olib o‘tayotgan bo‘lsangiz hammasi yaqqol ko‘rinadi. Chegarachi mendan “Senda dron bormi?” deb so‘radi. Men bo‘lsam: “Ha, bor. Ketsam bo‘ladimi?“ dedim. U esa ketishim mumkinligini aytdi”, – deydi Yermakova.

U O‘zbekistonga kirishdan oldin dron olib kirish qoidalari bilan tanishib chiqmaganini tan olgan.

“Dron hech qayerga yashirilmagandi, sumkaning ichida yotgandi. Menga muammolar nimaga O‘zbekiston chegarasida emas, balki Toshkentning o‘zida boshlangani juda qiziq. 17 may kuni Toshkentdan Buxoroga poyezdda bormoqchi edik. Poyezd kechasi ketardi, vokzalga taxminan 21:30 da keldim. Meni transport militsiyasi xodimlari to‘xtatishdi. Men shuningdek, metal izlovchi qurilmadan ham o‘tdim, u yerda sumkaning ichi ko‘rinib turgandi. Shundan so‘ng, militsiya bo‘limiga kuzatib borishdi va u yerda hammasi boshlandi”, – deydi sayyoh.

Ma’lum bo‘lishicha, Polina Yermakovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-4-moddasi (Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 3 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida turist aybsiz deb topilgan, biroq shunday bo‘lsayam nima uchundir unga droni qaytarib berilmagan.

Davlat bojxona qo‘mitasi raisining matbuot kotibi Husen Tangriyev Kun.uz so‘roviga javoban holatga quyidagicha izoh berdi:

“Joriy yilning 15 may kuni soat 08:30 da Rossiya Federatsiyasi fuqarosi P.Yermakova Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga Andijon viloyatining “Do‘stlik” chegara bojxona postining fuqarolar o‘tkazish zali orqali kirib kelgan.

Ushbu fuqaroni bojxona chegarasi orqali harakati kuzatuv kameralaridan olingan ma’lumotlar asosida o‘rganilganda, fuqaro P.Yermakova o‘zida O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish taqiqlangan yoki cheklangan tovarlar borligi to‘g‘risida bojxona organini xabardor qilmagani va yashil yo‘lak orqali xarakatlanib, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmagani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, bojxona xodimlari tomonidan fuqaro soddalashtirilgan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan va uning hatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubxa tug‘dirmagan hamda fuqaro bilan suhbat o‘tkazilmagan.

P.Yermakova Toshkent shaxridagi Markaziy temir yo‘l vokzalida Toshkent–Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha poyezdga chiqayotgan vaqtda IIV Transport militsiyasi tomonidan uning sumkasida “dji mavic air 2” markali uchuvchisiz uchish qurilmasi borligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovda ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 2022 yil 15 may kuni Andijon viloyati “Do‘stlik” chegara bojxona postidan yashil yo‘lak orqali kirib kelgani qayd etilgan.

Shu bilan birga, fuqaro P.Yermakova joriy yilning 3 iyun kuni Andijon viloyatining “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali harakatlanib O‘zbekiston Respublikasidan Qirg‘iziston Respublikasiga chiqib ketgan.

Fuqaroga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi Mirobod tuman sudi tomonidan tugatilgan va “dji mavic air 2” rusumli dron musodara qilingan hamda Mudofaa vazirligiga berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan”.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday voqea boshqa bir rossiyalik Maksim Limar bilan ham sodir bo‘lgandi. Shu yil boshida Buxorodan Novosibirskka qaytayotgan blogerning yuklari orasidan kvadrokopter topilgani sababli u hibsga olingan, biroq ma’lum vaqtdan keyin uni ham qo‘yib yuborishgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2015 yil 1 yanvardan boshlab uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan. Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida nazarda tutilgan holatlargina bundan mustasno.

2019 yil may oyida mamlakat hududiga dronlarni noqonuniy olib kirish va ishlatish uchun javobgarlik kuchaytirilgandi.

Mavzuga oid