16:19 / 04.10.2022
4940
Oliy ta’lim tashkilotlarida masofaviy ta’limni joriy etish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Getty Images

Masofaviy ta’lim orqali oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilandi.

Buning uchun ta’lim tashkilotida quyidagilar bo‘lishi talab etiladi: masofaviy ta’limni boshqarish uchun Learning Management System platformasi; internetga ulanish va foydalanish uchun axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi; o‘quv yili uchun mo‘ljallangan o‘quv kontenti; fanlar elektron o‘quv-metodik majmualari hamda ilmiy va o‘quv adabiyotlari elektron bazasi; kompyuter texnikasi bilan jihozlangan alohida bino yoki auditoriyalar; texnik va dasturiy komponentlar ishlashini ta’minlaydigan muhandis-texnik xodimlar; ta’lim tashkilotiga tegishli bo‘lgan, mamlakat hududida joylashgan server qurilmasi; ta’lim tashkiloti to‘g‘risidagi barcha axborotlar joylashtirilgan sahifa.

Masofaviy ta’lim joriy etish mumkin bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari har yili 1 aprelgacha e’lon qilinadi. Masofaviy ta’lim asosida kadrlar tayyorlashda bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 300 nafar, bir magistratura mutaxassisligi 30 nafar talabadan ortiq bo‘lmasligi lozim. 

Bunda: mazkur talab axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlariga tatbiq etilmaydi; talabalar sonini aniqlashda xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar hisobga olinmaydi.

Masofaviy ta’limda o‘qishga qabul qilingan talaba quyidagi hollarda oliy ta’lim tashkilotiga kelishi shart: o‘quv jarayoni boshlanishidan avval – LMS platformasida ro‘yxatdan o‘tish uchun; har semestr yakunida – yakuniy nazorat topshirish uchun.

Yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy va magistrlik ishi himoyasi bevosita oliy ta’lim tashkilotida an’anaviy tarzda amalga oshiriladi, ularni sinxron yoki asinxron rejimida qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masofaviy ta’lim shakli to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Top