Fransiya prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida davlatlar rahbarlari tomonidan ikkita yirik ko‘rgazma ochildi. Luvr muzeyida ochilgan “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” namoyishi shular jumlasidan.

Luvrdagi namoyish miloddan avvalgi V—VI asrdan Temuriylargacha bo‘lgan davrlarni qamrab oladi, Arab dunyosi institutidagi ko‘rgazmada esa, XIX –XX asr o‘rtalariga oid eksponatlar, shuningdek, O‘zbekiston davlat muzey to‘plamlaridagi Turkiston avangardi yo‘nalishiga oid mo‘yqalam asarlari o‘rin olgan.

Hammasi nimadan boshlandi?

2018 yilning oktabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev birinchi marta rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi. Madaniy dastur doirasida Luvr muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi. Bu vaqtda ushbu muzeyda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan ulkan ko‘rgazmani tashkil qilish g‘oyasi shakllana boshlayotgan edi va davlatimiz rahbari bu g‘oyani ma’qulladi.

Bundan oldin ko‘plab juda muhim voqealar yuz berganini ham ta’kidlash joiz.

2009 yilda arxeolog va ilmiy tadqiqotchi Rokko Rante O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand Arxeologiya instituti jamoasi bilan hamkorlikda Buxoroda o‘tkazilayotgan arxeologik qidiruv ishlariga rahbarlik qilgan edi. Mamlakatimiz tomonidan unga Jamol Mirzaahmedov, so‘ngra Abdisabur Raimqulovlar boshchilik qilgan. 2011 yilda Rante o‘sha paytlarda Luvr muzeyi prezidenti bo‘lgan Anri Luarettani yurtimizga taklif etadi. Tarixiy materiallar ko‘zdan kechirilgach, ko‘rgazmani tashkillashtirishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu qaror 2017 yilda qat’iy tasdiqlanadi.

Biroz vaqdan so‘ng, O‘zbekistonning Samarqand viloyatida yana fransuz mutaxassislari bilan birga olib borilgan boshqa qazilma ishlari davomida zardo‘shtiylik davriga oid noyob o‘yma naqshli panno (devoriy rasm) topiladi. Topilma dunyo ahamiyatiga molik yodgorlik edi.

Taxminlarga ko‘ra, qazilma ishlari olib borilgan joyda islom davri (VIII asr)gacha hukmdorlarning saroyi bo‘lgan. Qal’a ichidagi inshootda hashamatli xona bo‘lgani aniqlangan, uning aksariyat qismini uch pog‘onali shohsupa egallagan. Olimlarning fikricha, u yerda hukmdor taxtda o‘tirgan. Panno esa xona devorlarini bezab turgan.