O‘zbekistonda 2022 yil oxirida hukumat tarkibi sezilarli darajada yangilandi va o‘zgartirildi. Prezident hujjatlari bilan yangi lavozim tayinlovlari amalga oshirildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari

Bosh vazir o‘rinbosarlari soni ikki barobarga qisqartirildi —Ochilboy Ramatov, Jamshid Qo‘chqorov, Jamshid Xo‘jayev va Zulayho Mahkamova bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarini saqlab qoldi. Shuhrat G‘aniyev, Aziz Abduhakimov va Jo‘rabek Mirzamahmudov esa ortiq bosh vazir o‘rinbosarlari hisoblanmaydi. Bosh vazirning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari o‘rni Behzod Musayev SSV rahbarligiga o‘tkazilganidan buyon vakant qolayotgandi.

Ochilboy Ramatov

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilgan, endi Ochilboy Ramatov hukumatda shunchaki hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunal soha, qurilish va transport masalalari majmuasi rahbari bo‘lib qolgan.

Prezident farmoniga ko‘ra bosh vazir o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida boshqa rahbarlik lavozimlarida ishlashi mumkin emas. Shunga ko‘ra, Jamshid Qo‘chqorovdan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri lavozimi olingan, u endi makroiqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlar masalalari majmuasi rahbari hisoblanadi.

Jamshid Qo‘chqorov

Shuningdek, Jamshid Xo‘jayev Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligidan ketgan, u investitsiyalar va tashqi savdo majmuasi rahbari bo‘lib qoladi.

Jamshid Xo‘jayev

Aziz Abduhakimov bosh vaziri o‘rinbosarligidan ham, turizm vazirligidan ham ketgan, u endi tabiat resurslari vaziri lavozimiga o‘tkazilgan.

Bosh vazirning yoqilg‘i-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan Jo‘rabek Mirzamahmudov bu lavozim tugatilgani tufayli faqat energetika vazirligi rahbarligini o‘zida saqlab qolgan.

Agrosanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, oziq-ovqat va iste’mol mollari komplekslari masalalari majmuasi rahbari bo‘lgan Shuhrat G‘aniyevning ham lavozimi tugatilgan, uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot yo‘q.