Jahon | 07:52 / 01.05.2023
16235
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya prezidenti Suriyada IShID yetakchisi yo‘q qilingani haqida xabar berdi

IShID yetakchisi Abu al-Husayn al-Qurayshiy Suriyada Turkiya razvedkasi tomonidan o‘ldirildi, dedi Erdo‘g‘an.

Foto: Anadolu agency

Turkiya razvedkasi Suriyada IShID terrorchilik guruhi yetakchisi Abu al-Husayn al-Qurayshiyni yo‘q qildi. Bu haqda 30 aprel, yakshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an TRK Turk telekanali efirida aytib o‘tdi.

Shuningdek, u o‘zining Twitter mikroblogida IShID yetakchisining yo‘q qilinishi haqida yozgan. U yerda Erdo‘g‘an operatsiya 29 aprel kuni bo‘lib o‘tganiga aniqlik kiritdi, biroq o‘ldirilgan jangari nomini aytmadi.

Ayni vaqtda, Reuters agentligi Suriya razvedka idoralariga tayanib xabar berishicha, reyd Suriya shimoli-g‘arbidagi Jandaris shahrida amalga oshirilgan.

IShIDning sobiq rahbari Abu al-Hasan al-Hoshimiy al-Qurayshiy edi. AQSh Mudofaa vazirligi 2022 yil 30 noyabrda u o‘ldirilgani haqida e’lon qildi. O‘shanda Pentagon xabarida aytilishicha, jangari Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Ozod Suriya armiyasi (OSA) tomonidan mamlakat janubida uyushtirilgan amaliyotda o‘ldirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid