08:13 / 31.05.2023
9454

Shimoliy Koreya ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldosh haqida e’lon qilganidan so‘ng raketa uchirdi

Shimoliy Koreya ehtimoliy raketa tashuvchini uchirdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya harbiylari. Avvalroq Pxenyan razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish rejasi haqida ma’lum qilgandi. Yaponiya o‘z hududiga tahdid soladigan har qanday raketani urib tushirishga va’da berdi.

Foto: AP Photo/Ahn Young-joon

31 may, chorshanba kuni ertalab Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya janubga qarab “raketa tashuvchi” deb ataladigan raketani uchirdi. Agentlik bayonotidan iqtibos AFP tomonidan keltirildi.

Shu munosabat bilan Seulda havo trevogasi e’lon qilindi, Janubiy Koreya poytaxti aholisidan evakuatsiyaga tayyor turish va birinchi navbatda “bolalar va qariyalarni xavfsiz joylarga yetkazish” so‘ralgan. Biroz vaqt o‘tgach, mamlakat Ichki ishlar vazirligi shahar hokimiyati tomonidan yuborilgan ogohlantirish "noto‘g‘ri tuzilgan"ligini bildirdi.

31 may kuni ertalab Yaponiya janubida ham havo trevogasi e’lon qilindi. "Shimoliy Koreya ballistik raketa uchirgani taxmin qilinmoqda. U Okinava prefekturasi hududiga tushishi mumkin. Iltimos, binolar ichida yoki yer ostidagi xavfsiz panohlarga o‘ting", - deya Yaponiya milliy turizm tashkiloti tomonidan ogohlantirish e’lon qilingan. U, jumladan, bosh vazirning rasmiy Twitter-akkauntida ham joylashtirildi.

Mahalliy vaqt bilan soat 07:05da (Toshkent vaqti bilan 03:05) Yaponiya qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati: "Shimoliy Koreya tomonidan uchirilgan ballistik raketa tushib ketganga o‘xshaydi”, deb xabar berdi. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida hech narsa aytilmagan.

Mavzuga oid
Top