Yaqinda e’lon qilingan savodxonlik bo‘yicha xalqaro reytingda o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 49-o‘rinni egalladi. Natija Afrika ayrim davlatlari o‘quvchilariniki bilan deyarli bir xil. Ta’lim uchun sarflanadigan milliardlar o‘zini qanchalik oqlayapti? Xalq, jamiyat kitobdan qachon bunchalik uzoqlashdi? Quyida mutaxassislar fikriga quloq tutamiz

Bolalar adabiyoti – bo‘shliq qayerda?

Muazzam Ibrohimova bolalar psixologi va yozuvchisi

— Bolalar adabiyotidagi muammo — millat muammosi. Muammo bolalar adabiyotiga past nazar bilan qarashdan boshlangan. Hozir ham shunday holat. Yozuvchilar uyushmasidagi Bolalar adabiyoti bo‘limi Anvar Obidjon, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev davrida yaxshi ishladi. Hozir bolalar adabiyotiga hech qanday rag‘bat yo‘q.

O‘zim 3 ming nusxada kitob chiqardim, lekin sotolmadim. Hatto bolasini kitob olishdan qaytargan onalarni ham ko‘rdim. Ba’zi oilalarda ota-ona umuman kitob o‘qimaydi. Bolaga shunchaki kitob berib qo‘yish ish bermaydi, ular bilan birga o‘qish kerak. Sahna asarlari tarzida rol ijro qilib berib, hatto eng ko‘rimsiz kitobga ham bolani qiziqtirish mumkin.

Yoshligimda kitob do‘koniga kirib, pulim yetmagan kitoblarni o‘sha yerning o‘zida o‘qirdim. Uyimizdagi javonda kitoblar yoshimizga moslab terib qo‘yilardi. Dadam qaysi mamlakatga borsa, o‘sha yerdan kitob olib, telefon qilib kitobdan parcha o‘qib berardi. Safardan qaytgunicha intiqib kutardim. Hozir o‘zbeklar dunyoga tarqalib ketdi. Nega endi o‘sha yerdan kitob sotib olib, uyiga jo‘natmaydi, nega jo‘natgan pulidan kitob olib berishni aytmaydi? To‘yga, uyga, mashinaga pul ajratiladi, lekin bolaning o‘qishi uchun ajratilmaydi.

“Galaktikada bir kun”, “Koinot javohiri” kitoblari muallifi Sa’dulla Quronov

— Bolalar adabiyotini rivojlantirish niyatimiz bo‘lsa, urg‘uni har xil tadbirlar, kutubxonalarni ko‘paytirish, tarjima qilish, chop etishga bermaslik kerak. Ya’ni bu ham yechim, lekin asosiysi emas. Ilmiy tadqiqotlarga asoslangan rivojlantirish rejalarini tuzish kerak. Masalan, bolalar matnini o‘qish masalasi bor – matnni necha yoshli bola tushunadi, qanday anglaydi. Buning ustida tilshunoslar, psixologlar, adabiyotchilar ishlashi kerak. Har bir yosh toifasi uchun lug‘at yaratish va yozuvchilarga taqdim etish kerak. Va buni vakolatli tashkilot nazoratga olishi lozim. Xorijiy tajribada bu narsa bor, tekshiruvchi platforma saytlari ham mavjud. Bizda bunday imkoniyatlar yo‘q. Badiiy matnga ilmiy yondashmaslik bolalar adabiyotini oqsatayotgan omillardan.