Hukumatga «yopishib olish» bo‘yicha ayblov

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ustidan sud jarayoni boshlanmoqda. 3 avgust kuni Vashington sudida sobiq prezidentga nisbatan 2020 yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qilishga urinishda rasman ayblov o‘qib eshittirildi. Tramp aybni tan olmadi.

Prokurorlar Tramp sudgacha hibsga olinishini talab qilmayotganini bildirdi. Ammo sobiq prezidentga ish bo‘yicha faktlarni ochiqlamasligi kerakligi va guvohlik berish uchun Kolumbiya okrugi federal sudiga kelishi kerakligi bildirilgan.

Navbatdagi eshituv 28 avgustga belgilangan. O‘sha kuni sud jarayoni boshlanish sanasi ma’lum bo‘ladi.

Tramp bu gal saylovda yutqazganidan keyin davlat boshqaruvini saqlab qolishga intilgani uchun sudlanadi.

Ishni o‘rganayotgan maxsus prokuror Jyek Smit Trampni to‘g‘ridan to‘g‘ri Kapitoliyga bosqin uyushtirishda ayblayotgan bo‘lmasa-da, o‘z tarafdorlari yordamida qanday qilib Jo Baydendan saylovdagi g‘alabani olib qo‘yishga uringanini tushuntirib bergan.

Kapitoliy Tramp tarafdorlari tomonidan shturm qilinishi. 2021 yil 6 yanvar
Foto: Global Look Press/Keystone Press Agency/John Nacion

Tramp va tarafdorlarini nimada ayblashdi? Isyonchilarning rejasi qanaqa edi?

Trampga qarshi navbatdagi ayblov Katta federal jyurilar kengashida tasdiqlaganidan keyin e’lon qilindi. Prokuror Smit xulosaga to‘rtta band bo‘yicha ayblovni kiritishga muvaffaq bo‘lgan:

  • davlatga qarshi fitna;
  • rasmiy jarayonga xalaqit berish maqsadidagi fitna;
  • rasmiy jarayonga xalaqit berishga urinish;
  • «huquqqa qarshi» fitna.

Birinchi band bo‘yicha Tramp 5 yilga, keyingi ikkita ayblov bo‘yicha esa 20 yilgacha qamalishi mumkin. «Huquqqa qarshi» isyon aybi isbotlansa, Tramp butun umrga qamaladi. Sobiq prezident insonlarda saylovga ishonchsizlik uyg‘otish, jamiyatda keskin vaziyat yuzaga keltirish, yolg‘on va isbotlanmagan ma’lumotlar tarqatishda ayblanmoqda.

Prokuror Smit ayblov xulosasida Tramp va ismi aytilmagan olti sherigining xatti-harakatlarini besh qismga ajratgan.