O‘zbekiston | 17:14 / 23.10.2023
10603
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining yerosti bekatlaridagi yopiq vestibyullar ochiladi

Toshkent metropolitenining yerosti bekatlaridan 5 tasiga bekatning faqat bitta tomonidan kirib-chiqish mumkin. Beshala holatda ham ikkinchi vestibyul shu bekatlar foydalanishga topshirilgan vaqtdan buyon yopiq qolyapti.

“G‘afur G‘ulom” bekati / Foto: Toshkent metropoliteni

Bular – “Milliy bog‘”, “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston”, “Yunus Rajabiy” va “Mashinasozlar” bekatlaridir.

Ulardagi ikkinchi kirish-chiqish joylari betonlar va panjaralar bilan to‘sib qo‘yilgan.

“Toshkent metropoliteni”ning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha bu bekatlardagi ikkinchi vestibyullar ular qurib foydalanishga topshirilganidan buyon yopiq holatda qolmoqda. Bunga yo‘lovchilar oqimining juda kamligi sabab bo‘lgan.

“Milliy bog‘” bekati / Foto: Toshkent metropoliteni
“Yunus Rajabiy” bekati / Foto: Toshkent metropoliteni

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MChJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgan.

Ekspertiza xulosasi olinganidan keyin, bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari olib borilib, barcha yopiq vestibyullar 2024 yilning may oyigacha ochib qo‘yiladi.

“O‘zbekiston” bekati / Foto: Toshkent metropoliteni

Ma’lumot uchun, Toshkent metrosining qurilishi 1971-1972 yillarda boshlangan. 1977 yilda birinchi – “Chilonzor” yo‘nalish ishga tushirilgan. Bir tomonlama kirish-chiqish yo‘lagiga ega “Milliy bog‘” metro bekati shu liniyada joylashgan.

1984 yilda metroda navbatdagi – “O‘zbekiston” yo‘nalishi ochilgan. Bu yo‘nalishdagi “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston” va “Mashinasozlar” bekatlari ham bir tomonlama kirish-chiqish yo‘lagi bilan foydalanishga topshirilgan.

2001 yil oktyabr oyida “Yunusobod” yo‘nalishining birinchi uchastkasi, uzunligi 7,5 kilometr bo‘lgan oltita stansiya foydalanishga topshirilgan. Bir vestibyulli “Yunus Rajabiy” metro bekati ana shu “Yunusobod” yo‘nalishida joylashgan.

Mavzuga oid

E`lonlar