26 oktyabrga o‘tar kechasi Amerikaning Men shtati Lyuiston shahrida ro‘y bergan otishma oqibatida 22 kishi halok bo‘lib, 50 dan ortiq kishi yaralangan.
Men shtati markaziy tibbiyot markazi «ko‘p sonli qurbonlar qayd etilgan katta otishma hodisasi» bo‘yicha ishlayotganini va yaqin atrofdagi boshqa tibbiyot muassasalari bilan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirayotganini bildirgan.
«Lyuistonda faol otishma. Biz aholidan boshpanada qolishlarini so‘raymiz. Iltimos, uylaringizda qoling va eshiklaringizni qulflang», deyiladi Men shtati politsiyasi xabarida.
Shahar kengashi a’zosi Robert Makkarti CNN telekanaliga bergan intervyusida hukumat 22 kishining o‘limini tasdiqlagani, shuningdek «juda, juda ko‘p kishi yaralangani» haqida aytgan.
Politsiya xabariga ko‘ra, ikki joydan chaqiruv kelib tushgan – Schemengees restorani hamda Sparetime Recreation bouling-hollidan. Ularning orasidagi masofa 6,5 km, bu masofani esa mashinada 10 daqiqada bosib o‘tish mumkin.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs hamon zararsizlantirilmagan. Politsiya jinoyatchi qurollangani va o‘ta xavfli ekanidan ogohlantirmoqda. Keyinroq uning avtomobili Lyuistondan taxminan 10 kilometr masofadagi Lisbon shahridan topilgan.

Politsiyachilar oq rangli yengil mashina suratini e’lon qilgan va bu mashinani taniganlardan politsiyaga aloqaga chiqish so‘ralgan.
Ko‘p o‘tmay gumonlanuvchining shaxsi aniqlandi – u 40 yoshli Robert Kard bo‘lib, o‘q otish bo‘yicha instruktor hamda AQSh armiyasining zaxiradagi harbiy xizmatchisi hisoblanadi. Politsiya gumonlanuvchining kuzatuv kamerasi orqali olingan fotosuratini tarqatgan, unda Kard qo‘lida vintovka tutgan holda bouling-klubga kirayotgani aks etgan.

Kardga qidiruv e’lon qilingan, uni qidirish ishlariga yuzlab politsiyachilar jalb etilgan. Lyuiston va atrofdagi boshqa bir necha shahar aholisiga o‘z uylaridan chiqmaslik tavsiya etilgan, shaharda to‘liq lokdaun joriy etilgan. Mahalliy ofislar yopilgan, maktablarda darslar bekor qilingan, shifoxonalarning qo‘riqchi xodimlari yuqori shaylik holatiga keltirilgan.



















