Global janub liderlaridan biri Hindiston barqaror o‘sish zinasidan to‘xtamay ildamlayapti. Xo‘sh, Dehlining katta kuch markazlari bilan munosabatlari qanday shakllangan? Hindiston tashqi siyosatida yumshoq kuchning ahamiyati qanday? Hindiston – Markaziy Osiyo munosabatlari qaysi manfaatlarga asoslanadi?

“Geosiyosat” mavzuning shu kabi nuqtalarini siyosiy tahlilchi Nargiza Umarova va sharqshunos tahlilchilar klubi a’zosi Zilola Ahmedova bilan tahlil qildi.

— Ma’lumki, Hindiston iqtisodiy va harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoning top beshligidan o‘rin olgan. Hindiston bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi?

Nargiza Umarova: — Haqiqatan ham Hindiston qudrati oshib bormoqda, asosan iqtisodiyot va harbiy sohada shunday bo‘lyapti. Bu ham bo‘lsa Hindiston xalqaro maydonda mintaqaviy o‘yinchidan global o‘yinchi darajasiga ko‘tarilib borishi bilan bog‘liq. Ba’zi ekspertlar Hindiston global o‘yinchi emas, deyishadi, ammo shaxsan men global o‘yinchi deb o‘ylayman bir nechta parametrlar bo‘yicha.

Harbiy qudrat oshishi iqtisodiyot o‘sishi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda Hindiston eng ko‘p aholiga ega davlat. To‘g‘ri, dunyo iqtisodiyotidagi ulushi AQSh va Xitoyga nisbatan kam, ammo iqtisodiy o‘sish tempi bo‘yicha juda katta ko‘rsatkichga ega. O‘tgan yili iqtisodiy o‘sish 6 foizdan ortiq bo‘lgan. Agar shu tempda davom etadigan bo‘lsa, yaqin 10 yil ichida Hindiston dunyoning uchinchi iqtisodiy qudratiga aylanishi mumkin. 2070–2075-yillarda demografik o‘sish yuqorilagan paytda esa dunyoning ikkinchi, hatto birinchi iqtisodiy kuchiga aylanishi mumkin, degan tahlillar mavjud.

Umuman, Hindiston qanday global o‘yinchi? U dunyoda krizis o‘choqlarini yaratadigan o‘yinchi emas. Ammo iqtisodiy o‘sish evaziga harbiy qudrat ham oshib bormoqda, bu normal holat. Ambitsiyalari kuchaygan davlatni tiyib turishga bo‘lgan harakatlar ham bo‘ladi, shuning uchun harbiy qudrat xam oshirilmoqda. Ammo Hindiston harbiy texnika va qurol-yarog‘larni mustaqil ishlab chiqarayotgani yo‘q.

Zilola Ahmedova: — Hindiston murakkab mintaqada joylashgan. Uzoq muddatdan beri davom etayotgan Pokiston bilan nizolar, Xitoy bilan chegaradagi muammolar harbiy sohaga katta e’tibor qaratishga majbur qiladi. Yildan yilga harbiy sohaga ko‘proq mablag‘ ajratyapti, bu yil ham 13 foizga oshib, 74 mlrd dollar ajratgan. Mudofaa sanoatiga ham e’tibor bo‘lyapti, 18 ta korxona harbiy texnikalar ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, harbiy salohiyati yuqori davlatlar bilan hamkorlikka ham e’tibor qaratadi, ya’ni Rossiya, AQSh, Isroil kabi. Yana bir imkoniyat omili demografiya, 2023 yil yanvar holatiga ko‘ra, Hindistonda harbiy xizmatga yaroqlilar soni 47 foiz, faol askarlar soni esa 1,5 mln.