18:01 / 03.01.2022
29140

Qashqadaryoda hokim yordamchilari dam olish kunlari ishga chaqirilgan. Topshiriqni viloyat hokimi o‘rinbosari bergani aytilmoqda

Qashqadaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari-viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodir Erkayev dam olish kuni sifatida e’lon qilingan sanalarda hokim yordamchilarini ishga chaqirgan.

Nodir Erkayev / Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

“Damni tushingda olasan. Qashqadaryo viloyati “zamhokimi” dam olish kunlari bo‘lishiga qaramasdan, barcha mahalla yordamchilarini ishga chiqishga “chorlagan”. Bular Prezident belgilab bergan dam olish kunlariga ham tupurib qo‘yishgan ko‘rinadi.

Avvalroq so‘kinib, kechalari “ZOOM” yig‘ilishlari bilan tarmoqlarda trendga chiqqan “zamhokim” endi odamlarni qonuniy dam olishga ham qo‘ymaydi shekilli...”, deb yozadi bloger Otabek Artikov.

Bloger o‘z postiga ilova qilgan skrinshotda Qashqadaryodagi hokim yordamchilari va rahbarlarning telegram-guruhida Nodir Erkayev 1 yanvardan viloyatdagi barcha mahallalarda hokim yordamchilari ish boshlashi kerakligi haqida ko‘rsatma berganini ko‘rish mumkin.

“1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak. Ujye 2 kun yo‘qotdinglar, yana bir marta qaytaraman, hamma ertadan mahallada xatlovni boshlasin. Men kecha Qarshi shahar Arabxona mahallasiga, bugun Koson tumani Natibaland va Toshko‘prik mahallasiga borib, hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishdim, juda e’tirozlar qildim, faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdim. Hamma shu 3 ta mahalla hokim yordamchilariga nomzodlar bilan nima e’tiroz bildirganimni gaplashib olsin. Ertaga Qamashi tumanidagi hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishaman”, deb yozgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.

Foto: Telegram / Otabek Artikov

Kun.uz hokim yordamchilarining dam olish kunlari ishga chaqirilgani bo‘yicha izoh olish maqsadida Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati bilan bog‘landi. Viloyat hokimining matbuot kotibi Ahror Sodiqov ushbu masala yuzasidan rasmiy munosabat tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Biroq oradan ikki soatdan ko‘proq vaqt o‘tsa hamki, rasmiy izoh e’lon qilinmadi.

Avvalroq Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi, senator Gavhar Alimova Qashqadaryo viloyati hokimi tomonidan O‘zbekistonning boshqa hududlariga chigit olib chiqishga taqiq qo‘yilgani, buning oqibatida Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona Qashqadaryodan sotib olgan chigitni viloyat hududidan olib chiqolmaganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatiga 2021 yilning noyabridan buyon Murodjon Azimov hokimlik qilmoqda. U viloyatning avvalgi rahbari Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimligiga tayinlanishi ortidan ushbu lavozimni egallagandi. General-mayor harbiy unvoniga ega bo‘lgan Murodjon Azimov bungacha uch yil davomida Bojxona qo‘mitasini boshqargan.

Nodir Erkayev 2021 yilning aprelida Qashqadaryo viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan, bungacha esa Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgandi. 1971 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan ushbu mulozim 2017–2018-yillarda Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

2019 yil oktyabridan buyon Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan O‘tkir Bo‘tayev 2021 yil aprel oyi boshida tadbirkorlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektor chog‘ida ishdan olingan, prezident shu kuni ishdan olingan rahbarlar davlat ishiga qaytarilmasligini ma’lum qilgandi.

Top